
Zelenskiyning juda yirik korrupsiyada ayblanayotgan yaqin o‘rtog‘i Isroilga qochib ketdi
Ukraina energetika sohasida 100 million dollar mablag‘ o‘g‘irlanishi bo‘yicha davom etayotgan tergov ishlaridagi asosiy gumondor Timur Mindich mamlakatni tark etib, Isroilga yo‘l oldi.

Ukrainada energetika sohasining «soyali rahnamosi» deb ataladigan tadbirkor Timur Mindich mamlakatni tark etib, Isroilga qochib ketdi. Bu haqda Ukraina ommaviy axborot vositalari deputatlar va korrupsiyaga qarshi kurashish organlari vakillariga asoslanib, xabar bermoqda.
Mindich «Kvartal 95» studiyasining mulkdorlaridan biri hisoblanadi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy studiyaning asoschisi bo‘lgan, biroq prezidentlik lavozimiga kirishgach, o‘z ulushini sheriklariga topshirgan.
O‘tgan hafta Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi kurash byurosi (MKQK) va Ixtisoslashtirilgan korrupsiyaga qarshi kurash prokuraturasi energetika sohasida «Midas» operatsiyasini o‘tkazganini e’lon qildi. Tergov 100 million dollar miqdoridagi mablag‘ni o‘zlashtirish sxemasi aniqlangani haqida xabar berdi. Tergov doirasida Ukrainaning bir qator yuqori lavozimli shaxslariga ayblov e’lon qilinmoqda.
MKQK detektivlar bo‘limi rahbari Aleksandr Abakumov Kiyev tadbirkorni ekstraditsiya qilishga intilayotganini tasdiqladi.
«Uni qaytarish uchun barcha choralarni ko‘ramiz», - dedi u «Ukrainskaya pravda» nashrining YouTube kanaliga bergan intervyusida.
Abakumov idorada bunday tartib-qoidalar bo‘yicha tajriba mavjudligini ta’kidladi. Oliy Rada deputati Yaroslav Jeleznyak ham Mindich hozirda Isroilda ekanini ma’lum qildi.
Ukraina OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Mindich Ukrainani Isroil pasporti bilan tark etgan.
Uning ketgani haqidagi xabar tarqalgach, Zelenskiy adliya vaziri German Galushenko va energetika vaziri Svetlana Grinchukning iste’fosini talab qildi. Ikkala amaldor ham ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza topshirdi. Shuningdek, Zelenskiy Mindichga nisbatan sanksiyalar joriy etdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish markazi ukrainalik faoli Tatyana Shevchukning aytishicha, yangi ma’lumotlar ekspertlar doirasida uzoq vaqtdan beri muhokama qilinayotgan shubhalarni tasdiqlaydi, xolos.
«Ilgari mish-mish bo‘lgan narsa endi faktlar bilan isbotlanmoqda», - dedi u.





