Global energiya inqirozi: Misr hukumati elektr energiyasini tejashni boshladi
Misr hukumati elektr tejash maqsadida tijorat obyektlari uchun 21:00 gacha ishlash tartibini joriy qildi. Cheklovlar mamlakatda gaz tanqisligi va yuqori narxdagi yoqilg‘i manbalari bilan bog‘liq.

Misr hukumati mamlakat bo‘ylab elektr energiyasini tejashga qaratilgan keng qamrovli choralarni joriy qildi. 2026 yil 28-martdan boshlab barcha tijorat obyektlari, jumladan do‘konlar, kafe va savdo markazlari soat 21:00 da yopilishi belgilandi. Faqat payshanba va juma kunlari ularga bir soatga uzoqroq ishlashga ruxsat beriladi.
Ushbu qaror milliy elektr tarmog‘iga tushayotgan yuklamani kamaytirish va yoqilg‘i import xarajatlarini qisqartirish maqsadida qabul qilingan. Bosh vazir Mustafo Madbuli topshirig‘iga ko‘ra, mamlakat har oy taxminan 1,1 milliard dollar tejashni rejalashtirmoqda. Bu esa global energiya inqirozi sharoitida iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Mahalliy rivojlanish vazirligi qaror ijrosini qat’iy nazoratga olgan. Hududlarda maxsus monitoring guruhlari ish olib boradi, elektr iste’moli esa Milliy favqulodda tarmoq orqali onlayn kuzatiladi. Qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda bosqichma-bosqich jazo choralari qo‘llaniladi: avval ogohlantirish, keyin jarima, takrorlansa esa obyekt yopilishi mumkin.
Biroq barcha sohalarga cheklov tatbiq etilmaydi. Tibbiyot muassasalari, dorixonalar, sanoat korxonalari va yoqilg‘i quyish shoxobchalari faoliyati uzluksiz davom etadi. Shuningdek, supermarketlar, nonvoyxonalar va meva-sabzavot do‘konlari kabi kundalik ehtiyoj uchun muhim obyektlar ham cheklovlardan mustasno qilingan.
Turizm sohasi ham alohida himoyaga olingan. Turizm vaziri Sherif Fathi ta’kidlashicha, cheklovlar sayyohlarga ta’sir qilmaydi. Hurgada, Sharm-esh-Sheyx, Luksor va Asuan kabi mashhur kurort hududlari odatiy tartibda ishlashda davom etadi.
Turoperatorlar fikriga ko‘ra, sayyohlar asosan mehmonxonalarda dam olgani uchun ushbu cheklovlar amalda deyarli sezilmaydi.
Shu bilan birga, ko‘cha yoritish va tashqi reklama ham qisqartirilishi rejalashtirilgan. Bu choralar umumiy energiya sarfini kamaytirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ho‘rmuz bo‘g‘ozi uch haftadan beri yopiqligi haqida xabar bergan edik.





