Ho‘rmuz bo‘g‘ozi uch haftadan beri yopiq. Endi nima bo‘ladi?
Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalarning «xavfsiz» o‘tishi uchun pul olmoqda, AQSH esa uni qayta ochish bo‘yicha bahsli usullarni taklif qilmoqda.

Dunyo neftining taxminan to‘rtdan biri va suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berishning beshdan bir qismi o‘tadigan muhim yo‘lak hisoblangan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi amalda uch haftadan beri kemalar qatnovi uchun yopiq. Ta’minotdagi uzilishlar sabab benzin va dizel yoqilg‘isi narxlari tez sur’atda o‘smoqda, gaz bozori esa so‘nggi to‘rt yildagi eng katta inqirozni boshdan kechirmoqda. Eron tankerlar o‘tishi uchun to‘lov joriy qilmoqda, Donald Tramp esa bo‘g‘ozni qayta ochish bo‘yicha turli g‘oyalarni ilgari surmoqda (ularning barchasiga nisbatan savollar mavjud).
Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali «xavfsiz» o‘tish uchun pul olmoqda
Eron kemalarga Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali «xavfsiz» koridor orqali o‘tishga ruxsat bermoqda, buning uchun Islom inqilobi muhofizlari korpusi harbiylarining tasdig‘ini olish kerak, deb yozadi «Lloyd’s List» manbalarga tayanib. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, kamida bitta operator o‘z tankerini o‘tkazish uchun Tehronga 2 mln dollar to‘lagan.
Islom inqilobi muhofizlari korpusi tomonidan tasdiqlangan kemalar Eron hududiy suvlari orqali, Larak oroli yaqinidan o‘tadi. U yerda harbiylar va port rasmiylari tankerlarni vizual tekshirib, keyingi o‘tishga ruxsat beradi. «Lloyd’s List» qayd etishicha, kamida to‘qqizta kema allaqachon ushbu imkoniyatdan foydalangan. «Xavfsiz» koridor bo‘yicha Eron bilan Hindiston, Pokiston, Iroq, Malayziya va Xitoy muzokara olib bormoqda.
Hozirda tankerlar o‘tishi uchun ruxsatnomalar alohida tartibda berilyapti, ammo yaqin kunlarda Islom inqilobi muhofizlari korpusi yanada rasmiylashtirilgan tartib ishlab chiqishi kutilmoqda, deydi «Lloyd’s List» manbalari. Larak orqali o‘tishni istaganlar oldindan Eron harbiylariga kema egasi va manzili haqida ma’lumot taqdim etishi kerak bo‘ladi.
Bu sxema tankerlar xavfsizligini kafolatlamaydi, deb hisoblaydi «Control Risks» tahlilchilari. Ularning fikricha, Vashington bunday yondashuvga rozi bo‘lishi dargumon, chunki u amalda Tehronga Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan to‘liq nazoratni beradi. AQSH ehtimol, ushbu sxema ishtirokchilariga, jumladan ayrim shaxslar, obyektlar va Islom inqilobi muhofizlari korpusi dengiz kuchlariga nisbatan aniq zarbalar berishni davom ettiradi.
AQSH Eronning asosiy neft xabi bo‘lgan Xark orolini egallash rejasini ko‘rib chiqmoqda
Donald Tramp ma’muriyati ayni paytda Xarkni egallash yoki uni dengizdan blokada qilish rejasini ishlab chiqmoqda — bu muhim xab orqali Eron nefti eksportining 90 foizigacha amalga oshiriladi. Bu haqda «Axios» to‘rt nafar xabardor manbaga tayanib xabar berdi.
AQSH hisob-kitoblariga ko‘ra, orolni egallash Eronni Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochishga majbur qiladi. Ammo buning uchun mintaqaga qo‘shimcha kuchlar yuborish va Eronni yanada zaiflashtirish kerak bo‘ladi. «NBC» yaqinda AQSH Yaqin Sharqqa dengiz piyodalari yuborishni tezlashtirayotganini yozgan.
«Bizga zarbalar bilan eronliklarni yanada zaiflashtirib, orolni egallash, keyin esa muzokaralarda bosim o‘tkazish uchun ularni qo‘lga olishga yana taxminan bir oy kerak», – deydi «Axios» manbasi.
Orolni egallash AQSH uchun muvaffaqiyatni kafolatlamaydi va harbiylar uchun jiddiy xavflar tug‘diradi. Iste’fodagi kontr-admiral Mark Montgomerining ta’kidlashicha, hatto Xark orolini nazoratga olgan taqdirda ham, Vashington muammoni hal qila olmaydi, chunki Eron neft oqimini boshqa nuqtada to‘sib qo‘yishi mumkin.
«Axios» bu g‘oya haqida ilk bor 7-mart kuni yozgan edi. Keyinroq, 14-mart kuni Donald Tramp AQSH orolga «eng kuchli» aviahujumlardan birini amalga oshirganini ma’lum qildi. Neft infratuzilmasi zarar ko‘rmagan, ammo u Eron kemalar o‘tishiga to‘sqinlik qilishda davom etsa, Xark oroliga zarbalarni davom ettirishga va’da berdi.
Donald Tramp Ho‘rmuzda tankerlarni himoya qilish uchun nima taklif qilmoqda?
«The Wall Street Journal» (WSJ) yozishicha, Tramp ma’muriyati Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochishning ikki variantini ko‘rib chiqmoqda – har ikkalasi ham xavfli va muvaffaqiyatni kafolatlamaydi.
Birinchi variant – tankerlar o‘tishini AQSH harbiy kemalari himoyasida ta’minlash. «WSJ» ekspertlari bahosiga ko‘ra, 5–10 ta kemadan iborat konvoyni kuzatish uchun taxminan 12 ta jangovor kema kerak bo‘ladi. Shuningdek, osmonni doimiy ravishda «MQ-9 Reaper» dronlari nazorat qilib, Eron sohillaridagi uchirish qurilmalarini yo‘q qilib borishi lozim.
«Hudson Institute» tahlilchisi, sobiq dengiz floti ofitseri Brayan Klarkning aytishicha, bunday operatsiya minglab harbiy va dengizchilarni, katta xarajatlarni talab qiladi va oylab davom etishi mumkin.
Hatto shu holatda ham, harbiy kemalar yetishmasligi va xavfsizlik choralari sabab yuzaga keladigan kechikishlar tufayli oldingi trafikning atigi 10 foizinigina tiklash mumkin, deb hisoblaydi «Lloyd’s List». Bunday sur’atda to‘silib qolgan 600 dan ortiq kemani chiqarish uchun oylar kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, Eron tomonidan zarba berish xavfi saqlanib qoladi va AQSH kuchlarining bir qismi hujumkor vazifalardan chalg‘itiladi.
Tramp xalqaro koalitsiya tuzib, kemalarni kuzatishni rejalashtirgan edi. Biroq boshqa davlatlar bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlamadi: Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Gretsiya, Avstraliya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Xitoy o‘z kemalarini yuborishdan bosh tortdi. «Bu bizning urushimiz emas, biz uni boshlamaganmiz», – deya ta’kidladi Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius.
Javob tariqasida Donald Tramp AQSH «eng qudratli davlat» sifatida «hech kimning yordamiga muhtoj emasligini» aytdi.
Ikkinchi variant – Eron hududida quruqlikdagi harbiy operatsiya
«The Wall Street Journal» ma’lumotiga ko‘ra, bu ssenariy yanada murakkab: avval sohil bo‘ylab kuchli havo zarbalari berilishi kerak, shundan so‘ng qo‘shin tushirilib, tog‘li va murakkab hududlarda janglar olib boriladi. Buning uchun minglab harbiylar kerak bo‘ladi va ular Islom inqilobi muhofizlari korpusiga qarshi kurashishiga to‘g‘ri keladi – bu taxminan 190 ming nafar jangchidan iborat kuch bo‘lib, ular yillar davomida asimmetrik urushga ixtisoslashgan.
Hatto sohil ustidan nazorat o‘rnatish ham Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz o‘tishni kafolatlamaydi. Eron mamlakat ichkarisidan uzoq masofali raketalar va dronlar orqali Fors ko‘rfazidagi nishonlarga zarba berishi mumkin. Bunday sharoitda kema egalari tankerlarni bu hududga yuborishga jur’at etmasligining ehtimoli katta.
Harbiylar, shuningdek, neft va dengiz tashish sohasi tahlilchilari bahosiga ko‘ra, odatiy trafikni (kuniga 100 dan ortiq kema harakatini) faqat Eron bilan harbiy harakatlar to‘xtatilgandan va Tehron tomonidan Fors ko‘rfazida kemalarga hujum qilmaslik bo‘yicha kafolatlar berilgandan keyingina tiklash mumkin bo‘ladi.





