Logo

Saddam Husaynning samolyoti sotuvga qo‘yildi

Kecha 09:002 daqiqa

Iroq 1991 yilda Tunisga olib chiqilgan ikkita Boeing 747 samolyotini sotuvga qo‘ydi. Ulardan biri Saddam Husaynning hukumat borti bo‘lgan «Al-Qodisiya» samolyotidir.

Saddam Husaynning samolyoti sotuvga qo‘yildi © Bild

​Iroq 1991 yilda Fors ko‘rfazidagi ikkinchi urushdan saqlab qolish uchun Tunisga olib chiqilgan va shundan beri u yerda qolib ketgan ikkita «Boeing 747» samolyotini 1,8 million AQSH dollariga sotishga qaror qildi. Ulardan biri bir paytlar Iroqning sobiq davlat rahbari Saddam Husaynning borti bo‘lgan. Bu haqda «Aerotelegraph» nashriga tayanib «Bild» xabar berdi.

​Ma’lum qilinishicha, sotuvga qo‘yilgan asosiy samolyot — 1982 yilda ishlab chiqarilgan va dastlab hukumat samolyoti sifatida jihozlangan «Boeing 747SP» (ro‘yxat raqami YI-ALM) havo kemasidir. «Al-Qodisiya» deb nomlangan ushbu bort ichida apartamentlar, konferens-zal va uxlash uchun mo‘ljallangan o‘rindiqli salon mavjud.

U 1991 yil yanvar oyidan beri Tunis cho‘lidagi Tozer-Nefta aerodromida saqlanmoqda. Sanksiyalar, moliyaviy nizolar va to‘xtash joyi uchun yig‘ilib qolgan to‘lovlar samolyotning Bag‘dodga qaytarilishiga to‘sqinlik qilgan.

​«Iraqi Airways» aviakompaniyasi Saddam Husaynning shaxsan ushbu samolyotda uchganini rasman tasdiqlamagan. Biroq laynerning jihozlanishi va arxiv fotosuratlar bundan dalolat beradi. Xususan, 1983 yil oktabr oyida prezident Husayn ishtirokidagi hukumat muzokaralari paytida samolyot Londonda bo‘lgan, 1986 yilda esa Saddam Husayn Moskvaga tashrifi chog‘ida aynan ushbu «Boeing 747SP» qarshisida suratga tushgan.

​Sotuvga qo‘yilgan ikkinchi havo kemasi 330 yo‘lovchiga mo‘ljallangan, yo‘lovchi va yuk tashishda foydalanilgan «Boeing 747-200» (ro‘yxat raqami YI-AGP) samolyotidir.

​Savdo shartlari

​Ma’lumotlarga ko‘ra, samolyotlar «boricha» (kafolatsiz) sharti bilan sotilmoqda.

Aviakompaniya ularning parvozga yaroqliligiga aniqlik kiritmagan, Tunis ommaviy axborot vositalari esa laynerlarni uchishga yaroqsiz deb atamoqda.

Transportirovka, bojxona bojlari va soliqlar xaridor tomonidan to‘lanadi. Savdo ishtirokchilari har bir samolyot uchun 180 000 dollar miqdorida kafolat garovi kiritishlari lozim.

​Samolyotlarni sotish bo‘yicha avvalgi urinishlar muvaffaqiyatsiz tugagan — 2023 yilda Iroq har bir bort uchun 494 000 dollar so‘ragan edi.

Tozer aeroportidagi uzoq yillik to‘xtash Iroqqa katta mablag‘ga tushgan bo‘lib, mamlakat 2020 yilda to‘xtash joyi uchun taxminan 5,4 million dollarlik qarzni to‘lagan. Agar 2027 yil yanvar oyiga qadar xaridor topilmasa, «Iraqi Airways» samolyotlarni metallolomga topshirish masalasini ko‘rib chiqishga majbur bo‘ladi.

​Ma’lumot uchun, 1937–2006 yillarda yashagan Saddam Husayn 1979 yildan Iroqni boshqargan. 2003 yilda AQSH bostirib kirishi oqibatida hokimiyatdan ag‘darilgan va dekabr oyida Tikrit yaqinidagi yerosti boshpanasidan topilgan.

Iroq sudi uni Ed-Dudjeylda 148 nafar shianing o‘ldirilishida aybdor deb topib, o‘lim jazosiga hukm qilgan va 2006 yil 30-dekabrda Bag‘dodda qatl etilgan.

Teglar

Mavzuga oid