Logo

Xitoydan Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga yuk tashish hajmi besh yilda 53 barobar oshdi

Kecha 18:243 daqiqa

Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasida avtomobil transporti orqali yuk tashish temiryo‘l transportiga nisbatan tezroq o‘smoqda. Yevroosiyo taraqqiyot banki buning uchta asosiy sababini keltirgan. Mintaqada zamonaviy A toifali omborxonalar yetishmasligiga ham e’tibor qaratilgan. Bu esa tez buziladigan mahsulotlar va maxsus saqlash sharoitini talab qiladigan boshqa tovarlarni sifatli tashish va saqlash imkoniyatlarini cheklamoqda. Tovar ayirboshlash hajmi qariyb 70 mlrd dollarga yetgan.

Xitoydan Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga yuk tashish hajmi besh yilda 53 barobar oshdi © Foto: en.osjd.org

Xitoydan Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga tashilayotgan yuk hajmi 2020-yildagi 33,7 ming tonnadan 2025-yilda 1,8 million tonnaga yetdi. Bu besh yil ichida qariyb 53 barobar o‘sishni anglatadi. Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeTB) bu ma’lumotlarni 2026-yil 19-noyabrda e’lon qilingan «Markaziy Osiyoning Xitoy bilan transport aloqalari» nomli tahliliy hisobotida keltirdi.

Hozirda Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston transport yo‘lagi temiryo‘l va avtomobil transportini birlashtiradi. YeTB tadqiqotiga ko‘ra, yuklar dastlab Xitoy hududi bo‘ylab poyezdlarda tashiladi. Keyin esa Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga yetkazish uchun yuk mashinalariga ortiladi.

Nima uchun avtomobil transportida yuk tashish ko‘paymoqda?

YeTB ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasida avtomobil transporti orqali yuk tashish temiryo‘l transportiga nisbatan tezroq o‘smoqda. Bank buning uchta asosiy sababini keltirgan.

Kichik va o‘rta biznesning rivojlanishi. Bunday korxonalar ko‘pincha tovarlarni katta hajmda emas, balki kichik partiyalarda jo‘natadi. Bu esa avtomobil transportidan foydalanishni qulaylashtiradi.

Chegaradan yuk olib o‘tish qoidalarining soddalashtirilishi. Yangi ikki tomonlama kelishuvlar tashuvchilarga yuklarni chegara yaqinida boshqa transport vositasiga ortiqcha ortishga hojat qoldirmasdan, qo‘shni davlatlar hududigacha yetkazish imkonini bermoqda.

Elektron ruxsatnomalar va bojxona jarayonlarining joriy etilishi. Mamlakatlar xalqaro avtomobil tashuvlari uchun elektron ruxsatnomalardan foydalanishni yo‘lga qo‘ymoqda. Shuningdek, bojxonadan o‘tish jarayonini soddalashtiruvchi elektron TIR tizimi ham joriy etilmoqda.

YeTB Markaziy Osiyoda zamonaviy A toifali omborxonalar yetishmasligiga ham e’tibor qaratgan. Bu esa tez buziladigan mahsulotlar va maxsus saqlash sharoitini talab qiladigan boshqa tovarlarni sifatli tashish va saqlash imkoniyatlarini cheklamoqda. Xitoyning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aloqalari kengayishi ham Qirg‘iziston orqali yuk tashish hajmi ortishiga sabab bo‘lmoqda.

YeTB ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyning Markaziy Osiyodagi beshta davlat bilan tovar ayirboshlash hajmi 2020-yildagi 23,5 milliard dollardan 2025-yilda qariyb 70 milliard dollarga yetgan. Ya’ni bu ko‘rsatkich deyarli uch barobar oshgan. 2025-yilda Xitoy Markaziy Osiyoning eng yirik savdo hamkoriga aylangan. Uning mintaqa davlatlari tashqi savdosidagi ulushi qariyb 30 foizni tashkil etgan. 2020–2021-yillarda esa bu ko‘rsatkich 17–18 foiz atrofida bo‘lgan.

2025-yilda Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasida temiryo‘l va avtomobil transporti orqali jami 51 million tonna yuk tashilgan. Shundan 35,6 million tonnasi temiryo‘l, 15,4 million tonnasi esa avtomobil transporti hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Jami yuk tashish hajmining qariyb 84 foizi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelgan. Hozirda Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi barcha to‘g‘ridan to‘g‘ri temiryo‘l yuk tashuvlari Xitoy–Qozog‘iston chegarasi orqali amalga oshirilmoqda.

Yangi temiryo‘l orqali qancha yuk tashish mumkin bo‘ladi?

Transport yo‘lagini rivojlantirishning keyingi bosqichi — Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li qurilishidir. YeTB hisobotiga ko‘ra, rejalashtirilgan temiryo‘lning uzunligi 523 kilometrni tashkil etadi. U Xitoyning Qashg‘ar shahridan Torugart, Makmal, Jalolobod va Qorasuv orqali Andijongacha boradi.

Loyihaning dastlabki bosqichida bir izli temiryo‘l qurish rejalashtirilgan. U orqali yiliga 7 million tonnagacha yuk tashish mumkin bo‘ladi. Keyinchalik ikkinchi izni qurish va temiryo‘lni elektrlashtirish orqali uning yillik yuk tashish quvvatini 20 million tonnagacha oshirish mumkin.

«Economist.kg» nashrining xabar berishicha, 2026-yilning oktabr oyi oxiri holatiga ko‘ra, Qirg‘iziston hududida rejalashtirilgan 29 ta tunneldan 28 tasida, 50 ta ko‘prikdan esa 47 tasida qurilish ishlari olib borilgan. 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida Irkeshtom va Torugart chegara o‘tkazish punktlari orqali 5,6 million tonnadan ortiq yuk tashilgan. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 50 foiz ko‘p.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Qozog‘iston va Qirg‘iziston chegaralarida yagona nazorat tizimini joriy etish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid