Logo

«Nvidia» direktorlar kengashi Jensen Xuangni kompaniya bosh direktori lavozimiga qaytardi

Kecha 19:582 daqiqa

Kompaniyaga asos solgan va qariyb 30 yil davomida unga rahbarlik qilgan Xuang bundan taxminan ikki hafta oldin iste’foga chiqqandi. Bunga kompaniya xodimalaridan biri hamda Xitoy foydasiga josuslik qilganlikda gumonlanayotgan ayol bilan ishqiy munosabatda bo‘lgani haqidagi mojaro sabab bo‘lgan.

«Nvidia» direktorlar kengashi Jensen Xuangni kompaniya bosh direktori lavozimiga qaytardi © Foto: СNN

Amerikaning «Nvidia» texnologiya kompaniyasi direktorlar kengashi Jensen Xuangni bosh direktor lavozimiga qaytarish haqida bir ovozdan qaror qabul qildi.

Kompaniya bayonotiga ko‘ra, direktorlar kengashi bir necha uchrashuv o‘tkazganidan so‘ng Xuangni lavozimiga qaytarishga qaror qilgan. Kengash a’zolari uning ochiqligi va rahbarlik qobiliyatiga ishonch hosil qilgan. Shu tariqa, Xuang prezident, bosh direktor va direktorlar kengashi a’zosi lavozimlariga darhol qaytarilgan.

AQSH prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida direktorlar kengashining qarorini «juda to‘g‘ri» deb atadi. Uning aytishicha, AQSH uchun korporatsiya rahbari lavozimida Huang bo‘lishi kerak va bu milliy xavfsizlikka hech qanday tahdid solmaydi.

Xuang «Nvidia» kompaniyasining hammuassislaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, u kompaniyaning eng yirik aksiyadorlaridan biri bo‘lib, «Nvidia» aksiyalarining qariyb 3,61 foiziga egalik qiladi. U 12-noyabr kuni iste’foga chiqqan edi. Bunga bir necha kun oldin «The New York Times» nashrida e’lon qilingan maqola sabab bo‘lgan. Unda Xuang o‘ziga bo‘ysunuvchi kompaniya rahbarlaridan biri bilan ishqiy munosabatda bo‘lgani haqida xabar berilgan.

Bundan biroz oldin esa Xuangning Elis Xuang ismli ayol bilan ham ishqiy munosabatda bo‘lgani ma’lum bo‘lgan. Ta’kidlash joizki, bu ayol «Nvidia» rahbari bilan familiyasi bir xil bo‘lsa-da, unga qarindosh emas.

Elis Xuang Xitoy maxsus xizmatlari bilan aloqadorlikda gumon qilinmoqda. U Singapurda joylashgan, ma’lumotlar markazlarini boshqaradigan va «Nvidia» kompaniyasidan chiplar sotib oladigan «Megaspeed» firmasi bilan bog‘liq.

«The New York Times» manbalariga ko‘ra, AQSH maxsus xizmatlari Elis Xuangni kuzatgan va u Xitoy hukumati topshirig‘i bilan ish olib borganini aniqlagan.

Teglar

Mavzuga oid