Logo

Mo‘g‘uliston banki O‘zbekistonning mikroqarz bozoriga kirmoqchi

Kecha 21:394 daqiqa

Bankning bosh kompaniyasi xorijiy bozorlardagi faoliyatini kengaytirish uchun Markaziy Osiyoga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu borada O‘zbekiston va Qozog‘iston raqamli kreditlash xizmatlarini yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘lgan istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ko‘rilyapti. Bank bu mamlakatlarda an’anaviy filiallar ochish o‘rniga, mijozlarga internet orqali mikroqarz va iste’mol kreditlarini taqdim etish modelini ko‘rib chiqyapti.

Mo‘g‘uliston banki O‘zbekistonning mikroqarz bozoriga kirmoqchi © Foto: Bogd Bank

Mo‘g‘ulistondagi «Bogd Bank» O‘zbekiston bozorida mikroqarz xizmatlarini taklif etish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Bu haqda AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi taqdim etgan ma’lumotlarda keltirilgan.

Bankning bosh kompaniyasi «Bogd FT Limited» taqdim etgan hujjatda qayd etilishicha, kompaniya xorijiy bozorlardagi faoliyatini kengaytirish uchun Markaziy Osiyoga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu borada O‘zbekiston va Qozog‘iston raqamli kreditlash xizmatlarini yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘lgan istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ko‘rilmoqda.

Bank mazkur mamlakatlarda an’anaviy filiallar ochish o‘rniga, mijozlarga internet orqali mikroqarz va iste’mol kreditlarini taqdim etish modelini ko‘rib chiqyapti. Bunda kredit olish uchun arizalar onlayn tarzda qabul qilinadi, qarz oluvchilarning to‘lov qobiliyati avtomatlashtirilgan tizimlar yordamida baholanadi. Shuningdek, xizmatlarni mahalliy hamkorlar bilan birgalikda rivojlantirish rejalashtirilgan.

«Bogd FT Limited»ning fikricha, O‘zbekiston va Qozog‘istonda moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarining kengayishi hamda raqamli kredit mahsulotlariga qiziqish ortib borayotgani kompaniya uchun yangi imkoniyatlar yaratishi mumkin. Shunga qaramay, «Bogd Bank» hozircha faqat Mo‘g‘uliston hududida ishlaydi. Uning boshqa mamlakatlarga kirishi mahalliy qonunchilik talablari, regulyatorlarning ruxsati, bozor sharoitlari va kompaniyaning moliyaviy resurslariga bog‘liq bo‘ladi.

«Bogd FT Limited» o‘z aksiyalarini AQSHning «NYSE American» fond birjasida ommaviy sotuvga chiqarishga hozirlik ko‘rmoqda. IPO jarayonida jami 6,25 mln dona aksiya sotuvga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. Har bir aksiya uchun 4–6 dollar oralig‘idagi narx belgilangan. Bu orqali 25 mln dollardan 37,5 mln dollargacha mablag‘ yig‘ilishi mumkin. Birjadagi aksiyalar BOGD savdo belgisi ostida taklif etilishi rejalashtirilgan. Biroq hozircha listing uchun berilgan ariza ma’qullanmagan. Shu sababli aksiyalar savdosi boshlanishi va IPO muvaffaqiyatli yakunlanishi hozircha aniq emas.

Hujjatda yozilishicha, aksiyalar belgilangan eng past narxda sotilgan taqdirda, barcha tegishli xarajatlar chiqarib tashlangach, «Bogd FT Limited» ixtiyorida qoladigan sof tushum taxminan 21,7 mln dollar bo‘ladi. Agar anderrayterlar qo‘shimcha aksiyalarni sotib olish huquqidan to‘liq foydalansa, sof tushum miqdori 25,2 million dollarni tashkil etishi mumkin.

Aksiyalarni sotishdan tushadigan sof mablag‘lar qanday maqsadlarga yo‘naltiriladi?

Tushumning taxminan 70 foizi yoki 15,2 million dollar kompaniyaning kredit ajratish faoliyatini kengaytirishga yo‘naltiriladi. Bu mablag‘lar Mo‘g‘uliston ichida, shuningdek, Markaziy Osiyoning ayrim davlatlarida kreditlash faoliyatini rivojlantirishga sarflanadi. Xususan, mablag‘larning salmoqli qismi Qozog‘iston va O‘zbekistonda mikrokreditlash hamda raqamli kreditlash xizmatlarini kengaytirishga ajratiladi.

Kompaniya buning uchun tegishli davlat organlaridan zarur ruxsatnomalar olinishi kerakligini aytdi. Rejalar raqamli kredit arizalarini qabul qilish tizimini yaratish, mijozlarning kredit olish imkoniyatini avtomatik baholash texnologiyalarini joriy etish, mahalliy hamkorlar bilan ishlash va aholi hamda kichik biznes vakillariga ajratiladigan kreditlar hajmini oshirishni o‘z ichiga oladi. Kompaniya fikricha, ushbu bozorlarda moliyaviy xizmatlardan foydalanish darajasi nisbatan pastligi va raqamli kreditlarga talab ortib borayotgani sababli yangi imkoniyatlar mavjud. Mablag‘larning qolgan qismi esa kompaniya faoliyat yuritayotgan mamlakatdagi kredit portfelini kengaytirish, jumladan, jismoniy shaxslar, kichik va o‘rta biznes hamda korxonalarga kredit ajratish uchun ishlatiladi.

Sof tushumning taxminan 20 foizi yoki 4,3 million dollar texnologiyalarni rivojlantirishga sarflanadi. Bunga raqamli mahsulot va xizmatlarni takomillashtirish, asosiy bank tizimlarini yangilash, jarayonlarni avtomatlashtirish, kiberxavfsizlikni kuchaytirish hamda bank faoliyat yuritayotgan hududlarda biznesni kengaytirish imkonini beradigan raqamli infratuzilmani rivojlantirish kiradi. Taxminan 10 foizi yoki 2,2 million dollar savdo va mijozlarga xizmat ko‘rsatish kanallarini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Jumladan, mijozlarning aktivlarini saqlash va boshqarish bo‘yicha bank xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, boy mijozlar uchun moliyaviy xizmatlar va xususiy bank xizmatlarini kengaytirish, yangi mijozlarni jalb qilish kanallarini yaratish hamda mijozlar bilan ishlash tizimini mustahkamlash rejalashtirilgan.

«Bogd Bank» faoliyati va moliyaviy ko‘rsatkichlari

«Bogd Bank» 2014-yilda Mo‘g‘ulistonda tashkil etilgan. U aholi va biznes vakillariga turli moliyaviy xizmatlarni taqdim etadi. Bank faoliyatida iste’mol kreditlari, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish, omonatlar hamda raqamli to‘lov xizmatlari muhim o‘rin tutadi. 2026-yil 30-iyun holatiga ko‘ra, bank aktivlarining umumiy qiymati taxminan 390 mln dollarga teng bo‘lgan. 2026-yilning dastlabki olti oyida bankning sof foydasi qariyb 5,9 mln dollarga yetgan. Bankning Mo‘g‘uliston bo‘ylab 17 ta filiali va 8 ta bankomati bor.

«Bogd Bank» raqamli xizmatlarni rivojlantirishni bir necha yildan buyon ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab keladi. Jumladan, 2017-yilda mijozlarni bankka bormasdan, masofadan turib ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati joriy qilingan.

Bugungi kunda bankning raqamli tizimlari orqali mijozlar hisobvaraqlarini boshqarishi, omonat ochishi, to‘lovlarni amalga oshirishi va ayrim kredit turlarini olish uchun elektron ariza yuborishi mumkin. Kompaniya aynan shu yo‘nalishda to‘plagan tajribasini kelgusida xorijiy bozorlarda ham qo‘llashni rejalashtirmoqda. O‘zbekiston va Qozog‘istonda raqamli kreditlash xizmatlarini yo‘lga qo‘yish rejasi ham mazkur strategiyaning bir qismi hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid