
1 avgustdan chiqindidan qarzdorlariga elektr uchun to‘lov qilish cheklanadi
11.07.2025 | 20:455503
2025 yil 1 avgustdan boshlab chiqindilar uchun qarzdorlikka ega abonentlarning elektr energiyasi to‘lovi vaqtincha cheklanadi. Bu «Chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish xizmatlari bo‘yicha to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan» 2025 yil 7 martdagi 1044-sonli Qonunga asosan joriy etilmoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, har oyning 3 sanasiga qadar qarzdor abonentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar «Toza makon» elektron tizimi orqali «Hududiy elektr tarmoqlari» AJga yuboriladi. 5 sanaga qadar esa «2100» raqami orqali abonentlarga SMS orqali ogohlantirish yuboriladi.
Shundan so‘ng, abonentlarga qarzdorlikni bartaraf etish uchun 5 kunlik muddat beriladi. Agar bu vaqt ichida chiqindi to‘lovi amalga oshirilmasa, abonentlarning elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati vaqtincha cheklanadi. Qarz to‘langandan so‘ng cheklov avtomatik ravishda bekor qilinadi.
Qayd etilishicha, ushbu cheklov tartibi 2025 yil 30 iyunga qadar yig‘ilgan qarzlarga nisbatan qo‘llanilmaydi. Faqatgina 1 iyuldan keyingi qarzdorliklar asosida 1 avgustdan boshlab tatbiq etiladi.
Bunda sanitar tozalash korxonalari xizmatlarining sifatli ko‘rsatilishi uchun mas’ul hisoblanadi. Agar xizmatlar o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rsatilmasa, to‘lovlar qayta hisoblab chiqiladi. Abonentlar xizmatlar bo‘yicha shikoyat va takliflarini «1205» qisqa raqami orqali 24/7 rejimida bildirishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, mazkur Qonun avvalroq 2024 yil 24 dekabrda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va 2025 yil 21 fevralda Senat tomonidan ma’qullangan edi.





