
1 avgustdan ekologik nazoratning yangi tartibi kuchga kiradi
19.05.2025 | 13:0032683
Prezident qaroriga muvofiq, 2025 yil 1 avgustdan e’tiboran ekologik qoidalarni buzgan hollarda Davlat ekologik nazorati inspeksiyasi tomonidan tadbirkorlarga nisbatan 24 soat ichida rasmiy nazorat choralari ko‘riladi.

2025 yil 15 may kuni «2030 yilgacha aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi»ni tasdiqlovchi Prezident qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga muvofiq, kelayotgan 1 avgustdan ekologik nazorat sohasida yangi tartib amaliyotga joriy etiladi.
Endilikda Davlat ekologik nazorati inspeksiyasi inspektorlari tomonidan qonunbuzarlik holatlari aniqlansa, ular tekshiruv boshlangan paytdan boshlab 24 soat ichida «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilib, tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga xabar bergan holda nazorat tadbirini amalga oshiradilar.
Bunday holatlar qatoriga daraxt va o‘simliklarni qasddan yo‘q qilish, qurilish paytida havoga chang va zararli moddalar chiqishiga yo‘l qo‘yish, hamda qonun bilan taqiqlangan holda yovvoyi hayvonlarni sun’iy muhitda saqlash kiradi. Jumladan, 500 kvadrat metrdan katta qurilish maydonlarida havoning ifloslanishi bilan bog‘liq talablarni buzish ham nazoratga olinadi.
Shu bilan birga, ushbu tartib tadbirkorlik faoliyatini cheklash emas, balki uning ekologik jihatdan javobgarlik bilan olib borilishiga xizmat qiladi. Qonunga zid harakatlar aniqlangan taqdirda, davlat nazorati mutaxassislari tezkor tarzda hujjatlashtirish va tegishli choralarni ko‘rish vakolatiga ega bo‘ladi.
Mazkur qaror orqali davlat ekologik nazorati tizimi samaraliroq va ochiqroq mexanizmlarga asoslangan holda faoliyat yuritadi, bu esa atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.





