add

1-fevraldan xavfli qurilish materiallari majburiy utilizatsiya qilinadi

24.01.2026 | 15:252 daqiqa

2026 yildan qurilish sohasida xavfli materiallar, chiqindilar va ekologik standartlar bo‘yicha yangi qat’iy talablar joriy etiladi.

1-fevraldan xavfli qurilish materiallari majburiy utilizatsiya qilinadi

2026 yil 1-fevraldan e’tiboran xavfli deb topilgan qurilish materiallarini majburiy ravishda qayta ishlash va utilizatsiya qilish tizimi joriy etiladi. Bu haqda «Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ-365-son, 01.12.2025-y.)da keltirib o‘tilgan.

Yangilangan tartibga ko‘ra, buyurtmachilar va ishlab chiqaruvchilar bunday materiallarni faqat ixtisoslashgan korxonalarga yoki chiqindi poligonlariga shartnoma asosida topshirishi shart bo‘ladi. Bu orqali qurilish jarayonida atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish maqsad qilingan.

Ekologik nazorat

2026 yil 1-iyundan qurilish loyihalarini ishlab chiqishda chiqindilar hajmini oldindan hisobga olish, ularni to‘plash va joylashtirish nuqtalarini belgilash majburiy etiladi. Shuningdek, chang va yoqimsiz hidlarni bartaraf etish choralari loyiha hujjatlarida aks ettirilishi talab qilinadi.

Raqamli nazorat

1-martdan xavfsizlik talablariga javob bermaydigan qurilish materiallarini ishlab chiqarayotgan va yetkazib berayotgan korxonalar bo‘yicha yagona elektron reyestr shakllantiriladi.

«Texnik tartibga solish» va «Shaffof qurilish» axborot tizimlari o‘zaro integratsiya qilinadi. Qurilish obyektlarida aniqlangan qoidabuzarliklar haqidagi ma’lumotlar onlayn shakllantirilib, reyestrga kiritilgan korxonalar davlat xaridlarida ishtirok eta olmaydi. Bu chora bozorda shaffoflikni oshirishga qaratilgan.

Ekologik standartlar

Ekologik toza, resurstejamkor va energosamarador qurilish materiallarini qo‘llash ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. 2026 yil 1-iyuldan shaharsozlik ekspertizasi vakolatiga ega tashkilotlar loyiha-smeta hujjatlarini ko‘rib chiqishda qo‘llaniladigan materiallarning kamida 25 foizi shu toifaga kirishini tekshiradi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Uyushma bilan birgalikda ekologik materiallarni aniqlash uslubiyotini ishlab chiqadi va 2026 yil 1-mayga qadar tavsiya etiladigan materiallar ro‘yxatini tasdiqlaydi. Davlat buyurtmalari doirasida mahalliy qurilish materiallari ulushi kamida 80 foiz bo‘lishi shart.

Energetika vazirligi va boshqa idoralar yuqori qo‘shilgan qiymatli materiallar ishlab chiqaruvchilarni gaz bilan uzluksiz ta’minlash choralarini ko‘radi. Mahalliy mahsulotlarni reklama qilish xarajatlarining 50–100 foizi esa Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.

Teglar

Mavzuga oid