
100 mln dollarlik yangi «Chorsu» loyihasi Toshkent markazini o‘zgartirishi mumkin
24.09.2025 | 09:001764
Toshkentdagi sobiq «Chorsu» mehmonxonasi o‘rnida quriladigan yangi kompleks 2025 yil oxirigacha start olishi ma’lum qilindi.

Toshkent markazidagi sobiq «Chorsu» mehmonxonasi o‘rnida quriladigan yirik kompleks qurilishi 2025 yil dekabrida boshlanishi kutilmoqda. Loyiha tashabbuskori bo‘lgan Manar Development kompaniyasi matbuot anjumanida bu haqda rasman ma’lum qildi, deb yozmoqda Spot.
Chorsu by Manar yoki Yangi Chorsu nomi bilan belgilanayotgan loyiha doirasida 100 ming metr kvadratdan ortiq maydonda ko‘p funksiyali majmua barpo etiladi. 38,3 ming metr kvadrat turar-joy, 20 ming metr kv.dan ortiq qismi tijorat va mehmonxona maydonlari, 14 mingi esa ofislar uchun ajratiladi. Shu bilan birga, hududda piyodalar yo‘llari, yashil maydonlar va dam olish joylari ham tashkil qilinadi.
Arxitektura konsepsiyasi mashhur arxitektor Sergey Choban tomonidan ishlab chiqilgan. Manar Development rahbari Davron Fayzimatovning ma’lum qilishicha, loyiha qiymati 100 mln dollardan oshib, mablag‘lar to‘liq kompaniyaning o‘z resurslari hisobidan ajratiladi. «Biz bank kreditlarisiz, to‘liq o‘z mablag‘larimiz bilan ishlaymiz», — dedi u.
Kompaniya dekabr oyida qurilish ishlarini boshlab, dastlabki ob’ektlarni 2028 yilda topshirishni rejalashtirgan. Butun loyiha 2029 yil oxiriga qadar yakunlanishi kutilmoqda.
Manar Group 2024 yil may oyida 130 mlrd so‘m ustav kapitali bilan ro‘yxatdan o‘tgan. Kompaniya rahbarlari Orient Group va Golden House bilan ham uzviy aloqalari bor. Shuningdek, «Chorsu» mehmonxonasini avval 16,9 mlrd so‘mga sotib olgan BAA kompaniyasi Ittihad International Investment loyihada ishtirok etmasligi ma’lum qilindi.
Loyihaning keyingi moliyaviy kelishuvlari va investorlar tarkibi kelishuvdan so‘ng e’lon qilinadi.
Avvalroq O‘zbekistonda 2025 yil yanvar–avgust oylarida qurilish sohasida 188,5 trln so‘mlik ishlar amalga oshirilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 111,5 foizga o‘sish qayd etilgani haqida xabar bergan edik.





