add

15 yoshli rossiyalik to‘rtinchi sinf o‘quvchisini tojik bo‘lgani uchun pichoqlab o‘ldirdi

Bugun 20:588482 daqiqa

Qotillik sodir qilgan rus yigitning telefonidagi galereyada selfilar va halok bo‘lgan maktab o‘quvchisining surati topilgan. Marhumning onasi ushbu maktabda farrosh bo‘lib ishlagan.

15 yoshli rossiyalik to‘rtinchi sinf o‘quvchisini tojik bo‘lgani uchun pichoqlab o‘ldirdi

Moskva viloyatining Odinsovo okrugidagi maktabda 15 yoshli o‘smir tomonidan sodir etilgan qurolli hujum oqibatida 10 yoshli tojikistonlik maktab o‘quvchisi Qobiljon Aliyev halok bo‘ldi. Rossiya Tergov qo‘mitasi va Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan ushbu fojia millatchilik va ksenofobiya zaminida yuz bergani taxmin qilinmoqda.

Moskva viloyatining Gorki-2 posyolkasidagi Uspen maktabida 16-dekabr kuni ertalab sodir bo‘lgan voqeada yuqori sinf o‘quvchisi pichoq bilan qurollangan holda maktabdoshlariga hujum qilgan. Tarqalgan videotasvirlarda bosqinchi bolalardan ularning millatini so‘ragani, so‘ngra qo‘riqchiga ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz sepib, boshqa o‘quvchilarga tashlangani aks etgan. Olingan og‘ir jarohatlar tufayli to‘rtinchi sinf o‘quvchisi voqea joyida vafot etgan.

Ma’lum bo‘lishicha, hujum qilgan o‘smir jinoyatga oldindan tayyorgarlik ko‘rgan va o‘z maqsadini o‘qituvchilardan biriga ochiq aytgan. U dastlab matematika o‘qituvchisini o‘ldirmoqchi bo‘lgan, biroq uni topmagach, boshqalarga hujum qilgan. Hujumdan so‘ng o‘smir sinf xonalaridan biriga berkinib olgan va huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qo‘lga olingan. Dastlabki so‘roqlarda u o‘z aybiga iqror bo‘lgan. Uning telefonidagi galereyada selfilar va halok bo‘lgan maktab o‘quvchisining surati topilgan. Shuningdek, o‘smir ekstremistik iqtiboslar va o‘ng radikal tashkilotlar nomlari bilan bezatilgan o‘z kaskasini ham suratga olgan. Xususan, kaskada «Sygaown» so‘zi yozilgan bo‘lib, bu 2022 yilda AQSHda sodir etilgan ommaviy otishmaga ishora hisoblanadi.

Rossiya ommaviy axborot vositalarining yozishicha, jinoyat neonatsistik qarashlar ta’sirida sodir etilgan bo‘lishi mumkin. Hujumchi voqeadan biroz avval tengdoshlariga o‘z manifestini yuborgan bo‘lib, unda turli millat va din vakillariga nisbatan nafratini ifoda etgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan qotillik va jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tojikiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev bilan telefon orqali gaplashib, mazkur masalani muhokama qilgan.

«To‘g‘ridan to‘g‘ri telefon muloqotida shunday dahshatli jinoyatlar jamiyatdagi vaziyatni keskinlashtirishi va boshqa radikal millatchi guruhlarni shunga o‘xshash harakatlarga undashiga sabab bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi», - deyiladi Tojikiston Ichki ishlar vazirligi bayonotida.

Shuningdek, Tojikistonning Rossiyadagi elchixonasi vaziyatni o‘z nazoratiga olgan va Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga rasmiy nota yuborgan.

«Elchixona vakillari halok bo‘lgan bolaning onasi bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Tojikiston tomoni tergov jarayoni adolatli o‘tishini va aybdor munosib jazolanishini talab qilmoqda», - deyiladi AsiaPlus xabarida.

Marhumning onasi ushbu maktabda farrosh bo‘lib ishlashi va turmush o‘rtog‘i vafotidan keyin ikki farzandni yolg‘iz tarbiyalayotgan bo‘lgani aytilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid