165 mlrd dollarlik loyihalar maxsus nazoratga olinadi — Prezident
Prezident Sh.Mirziyoyev 165 mlrd dollarlik 377 strategik loyihaga alohida nazorat joriy etilishini bildirdi. Yangi tizim korxonalarni ishga tushgandan keyin ham kuzatadi. Bu nima anglatadi?

13-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda joriy yilda 50 mlrd dollarlik xorijiy investitsiya jalb qilish rejasi belgilangani qayd etildi. Davlat rahbari investitsiya izlash va loyihalarni amalga oshirishda boshqaruv yondashuvlarini o‘zgartirish zarurligini ta’kidladi.
Prezident yangi loyihalar yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishi, eksport salohiyatini oshirishi va yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratishi shartligini bildirdi. Shu bilan birga, ayrim hududlarda ichki bozorning to‘yingan segmentlariga yo‘naltirilgan tashabbuslar tanqid qilindi. Masalan, Namanganda 40 mln dollarga yana ikki ip-kalava zavodi qurish rejasi muhokama qilindi, holbuki, viloyatda bu kabi 24 korxona mavjud.
2025 yilda TEA ishlab chiqish, uskuna yetkazib berish va infratuzilma bilan bog‘liq muammolar sabab 55 yirik loyiha kechiktirilgan. Shu bois 2026 yilda 165 mlrd dollarlik 377 strategik loyiha maxsus nazoratga olinadi.
Yangi nazorat tizimi
Investitsiya loyihalari bo‘yicha yangi nazorat mexanizmi joriy etiladi. U faqat korxonani ishga tushirish bilan cheklanmay, balki uning faoliyati, qo‘shilgan qiymat yaratishi va tashqi bozorlarga chiqishini ham qamrab oladi.
Bu maqsadda «Yagona milliy loyiha boshqaruvi» platformasi yaratiladi. U orqali davlat investitsiya dasturiga kiritilgan har bir loyiha ishga tushgandan keyin 3 yil davomida kuzatib boriladi.
Ayrim hududlarda investitsiya samaradorligi pastligi qayd etildi. Buxoro, Sirdaryo, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida har 10 dollarlik investitsiyaga atigi 1 dollarlik qo‘shilgan qiymat to‘g‘ri kelmoqda. Shu munosabat bilan 2026 yil investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalarni bozor tahlili, eksport istiqbollari va ish o‘rinlari bo‘yicha qayta ko‘rib chiqish topshirildi.
Investitsiya va intizom
Prezident 2025 yilda xorijiy tashriflar doirasida 135 mlrd dollarlik kelishuvlar imzolanganini eslatdi. Joriy yil boshidan Turkiya bilan 9 mlrd, Pokiston bilan esa 1,4 mlrd dollarlik investitsiya bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Davlat rahbari amaldorlarni loyihalarni sun’iy kechiktirishga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Endi asosiy mezon — loyihaning miqdori emas, uning qo‘shilgan qiymat yaratishi va eksportga chiqish salohiyati bo‘ladi.





