
178 mln so‘m: oltin quymalari rekord darajada qimmatladi
Yil boshida 100 gr oltin quyma 116,6 mln so‘m narxda sotuvga chiqarilgan edi. O‘sish 60 mln so‘mdan ko‘proq.

Bugun, 24-dekabr tongida jahon bo‘yicha oltin narxi troya unsiyasida 4 520 dollardan oshdi va tarixiy rekord yangilandi.
O‘zbekistonda ham Markaziy bank oltin quymalarining yangi narxini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 24-dekabr holati bo‘yicha narxlar quyidagicha:
5 gram — 8 913 000 so‘m
10 gram — 17 826 000 so‘m
20 gram — 35 651 000 so‘m
50 gram — 89 128 000 so‘m
100 gram — 178 256 000 so‘m
Shu tariqa quymalarning 1 gr uchun narxi 1 mln 783 ming so‘mga chiqib, yangi rekord qayd etildi. Kecha, 23-dekabr kuni ham oltin quymalari narxi 17-oktabrdagi rekordni yangilagan edi.
Yanvar oyida 100 gr oltin quyma birinchi bor sotuvga chiqarilgandi. O‘shanda uning narxi ancha pastroq — 116,6 mln so‘m edi.
Oltin quymalarini O‘zbekistondagi banklardan sotib olish mumkin. Banklardagi quymalar qoldig‘i haqida ma’lumotni Markaziy bank rasmiy saytidan olsa bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda Toshkent shahri bo‘yicha “Xalq banki”ning Yakkasaroy filialida eng ko‘p oltin quyma mavjud — 3 797 ta.
Oltin narxi yil boshidan beri 70 foizdan ko‘proq o‘sdi. Bu 1979 yildan beri eng yuqori yillik o‘sish hisoblanadi. Narxlar o‘sishiga geosiyosiy notinchliklar davom etishi va siyosiy qarorlar ortidan oltinga “xavfsizlik yostiqchasi” sifatida talab keskin oshgani sabab bo‘lmoqda.
Avvalroq oltinga O‘zbekiston sharoitida qanday qilib sarmoya kiritish mumkinligi haqida ma’lumot bergandik.
Teglar:





