
1FIT reklama qonunchiligini buzgani uchun jarimaga tortildi
19.09.2025 | 21:1745573
Raqobat qo‘mitasi 1FITning ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarini «bo‘rttiruvchi ma’no ifodalangan» deb topdi.

Raqobat qo‘mitasi 1Fit startapini ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalari uchun bo‘rttirilgan va chalg‘ituvchi iboralar uchun jarimaga tortdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, qo‘mita tomonidan reklama qonunchiliga rioya qilish bo‘yicha olib borilgan monitoringda 1FIT MCHJ tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan reklamalarda bo‘rttiruvchi ma’no ifodalanganlik holatlari aniqlangan.
Ma’lumot uchun, bo‘rttiruvchi ma’no ifodalanishi «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra noto‘g‘ri (insofsiz, bila turib yolg‘on) reklama sifatida baholanadi.
Shu munosabat bilan qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan 1FIT'ga nisbatan «Reklama to‘g‘risida»gi qonun talablari buzilishi alomatlari bilan ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarima qo‘llash xaqida qaror qabul qilingan. Shuningdek, qonunbuzilishini bartaraf etish va kelgusida bunday g‘olatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berilgan.
Qo‘mita Maxsus komissiya qaroridan norozi bo‘lgan tomon qo‘mitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligini eslatib o‘tdi.
Avvalroq, qo‘mita biologik faol qo‘shimchalar va bank xizmatlari reklamasidagi qoidabuzarliklarni aniqlagan.





