
2025 yilda 15 mingga yaqin yurtdoshimiz uyli bo‘ldi
20.05.2025 | 11:3011842
2025 yil boshidan buyon «Yangi O‘zbekiston» massivlarida 14 ming 854 ta xonadon qurilib, foydalanishga topshirildi. Ushbu loyihalar aholini uy-joy bilan ta’minlash siyosati doirasida amalga oshirilmoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, «Yangi O‘zbekiston» massivlarida joriy yilda 14 ming 854 ta xonadonli uy-joylar qurilishi yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda vazirlik boshqarma boshlig‘i Javohirbek Amonov ma’lum qildi.
Uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar O‘zbekiston Prezidentining 2024 yil 30 apreldagi PF-70-sonli Farmoni asosida amalga oshirilmoqda. Ushbu farmon bilan bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashning asosiy parametrlari belgilab berilgan.
2025 yilda 100 mingta xonadon qurish rejalashtirilgan bo‘lib, bu borada ko‘p qavatli uy-joylar qurilishida ishtirok etayotgan tashkilotlarning aylanma mablag‘lari respublika byudjeti hisobidan qoplab berilmoqda. Shuningdek, tijorat banklari ajratgan ipoteka kreditlari davlat tomonidan qayta moliyalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, daromadi past va uy-joyga muhtoj 20 ming nafar fuqaroga davlat tomonidan subsidiyalar ajratish belgilangan. Ushbu chora-tadbirlar orqali aholining uy-joy sharoitini yaxshilash maqsad qilingan.





