
2025 yilda 9 mln litrga yaqin sifatsiz yonilg‘i savdosining oldi olingan
O‘tgan yil davomida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 247 ta sub’ektda davlat standartlariga javob bermaydigan millionlab litr neft mahsulotlari aniqlangan.

2025 yilda O‘zbekistonda neft mahsulotlari sifati ustidan olib borilgan keng ko‘lamli tekshiruvlar natijasida 247 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektda yonilg‘i davlat standart talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda O‘zenergoinspeksiya ma’lum qildi.
Aholini sifatli va ekologik toza yonilg‘i bilan ta’minlash maqsadida inspeksiya huzuridagi nazorat-kimyo laboratoriyalari tomonidan mamlakat hududlarida muntazam ravishda joylarda tekshiruv va laboratoriya tahlillari o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu tadbirlar neft mahsulotlarining tarkibi, sifati va texnik reglamentlarga muvofiqligini aniqlashga qaratilgan.
Xususan, 2025 yil davomida olib borilgan nazorat tadbirlari doirasida 799 ta avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari hamda turli korxonalardan jami 2 ming 289 ta yonilg‘i namunasi olingan. Olingan namunalar maxsus laboratoriyalarda chuqur tahlil qilingan.
Tahlil natijalariga ko‘ra, 247 ta sub’ektda jami 8 million 962 ming litr neft mahsulotlari davlat standart talablariga javob bermasligi, ya’ni sifatsiz ekani aniqlangan. Mazkur yonilg‘ilarning iste’molchilarga sotuvga chiqarilishi o‘z vaqtida to‘xtatilgan.
Aniqlangan qonunbuzarliklar yuzasidan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga mahsulot sifati va texnik ko‘rsatkichlarni tiklash bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berilgan. Shu bilan birga, ushbu ko‘rsatmalarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishi inspeksiya tomonidan alohida nazoratga olingan.
Mas’ul idora eslatishicha, texnik reglament talablariga javob bermaydigan, shuningdek, me’yordan ortiq zaharli moddalar chiqishiga sabab bo‘ladigan yonilg‘i-moylash materiallarini ishlab chiqarish yoki realizatsiya qilish qonunchilikka zid hisoblanadi. Bunday holatlar uchun amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq qat’iy javobgarlik choralari belgilangan.
Ma’lumot o‘rnida, 2025 yil dekabr oyi boshida O‘zbekistondagi yonilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 benzini savdosiga qarshi keng ko‘lamli reydlar boshlangan edi.





