
2025 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,5 foizga o‘sishi kutilmoqda
26.06.2025 | 12:152273
Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) prognoziga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,5 foizga o‘sishi rejalashtirilmoqda. Bank iqtisodiy barqarorlik va investitsiya faolligini asosiy omillar sifatida ko‘rsatdi.

Yevroosiyo taraqqiyot bankining (YeOTB) yangilangan makroiqtisodiy prognoziga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 6,5 foizga o‘sishi kutilmoqda. Bank mutaxassislari bu o‘sishni aholi daromadlarining oshishi va investitsiya faolligining kuchayishi bilan izohladi.
YeOTBning o‘rta muddatli prognozlariga ko‘ra, 2026 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,3 foiz, 2027 yilda esa 6,4 foizga o‘sishi kutilmoqda. Bank tahlilchilari ta’kidlashicha, bunday barqaror o‘sish islohotlar va makroiqtisodiy muvozanatning mustahkamlanishi natijasidir.
YeOTB hisobotida inflyatsiya bo‘yicha ham prognozlar berilgan. 2025 yil yakunida inflyatsiya darajasi 8,1 foizgacha pasayishi kutilmoqda. Bunga muvozanatli pul-kredit siyosati amalga oshirilishi hissa qo‘shadi. 2026 yilda inflyatsiya 6,8 foiz, 2027 yilda esa 5,4 foizga tushishi prognoz qilinmoqda.
Bankning baholashicha, 2025 yilda O‘zbekiston so‘mining o‘rtacha yillik kursi 1 dollarga nisbatan taxminan 13 200 so‘m atrofida bo‘ladi. Milliy valyuta barqarorligiga chet eldan kelayotgan pul o‘tkazmalari va eksport hajmining ortishi ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Aytish joizki, 2025 yil aprelda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qo‘shilishi to‘g‘risidagi qonunni imzolagan. Mazkur qonun avval yanvarda Qonunchilik palatasida, keyin mart oyida Senat tomonidan ma’qullangan edi.
O‘zbekiston YeOTBning yettinchi ishtirokchisiga aylandi va bank kapitalida 10 foiz ulush bilan uchinchi yirik aksioner hisoblanadi.





