add

2025 yilda O‘zbekistonga eng ko‘p investitsiyalarni Xitoy kiritdi

07.01.2026 | 20:552 daqiqa

O‘tgan yil davomida iqtisodiyotga katta hajmda xorijiy sarmoya kiritilib, tashqi kapital ulushi yalpi o‘sishning asosiy drayveriga aylandi.

2025 yilda O‘zbekistonga eng ko‘p investitsiyalarni Xitoy kiritdi

2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotiga jami 43,1 mlrd dollar investitsiya jalb etildi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 8,3 mlrd dollarga, ya’ni 24 foizga yuqori bo‘lib, mamlakat investitsiya muhitining sezilarli darajada yaxshilanganini ko‘rsatadi. Eng katta sarmoya manbai sifatida Xitoy yetakchi o‘rinni egalladi.

Ma’lum bo‘lishicha, jalb etilgan mablag‘larning asosiy qismi — 38,2 mlrd dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri keldi. Qolgan 4,9 mlrd dollar esa xalqaro moliya institutlari tomonidan ajratilgan resurslardan iborat bo‘ldi. Bu holat xususiy kapitalning iqtisodiyotdagi roli ortib borayotganini anglatadi.

O‘zbekiston Prezidenti Oliy Majlis va xalqqa yo‘llagan Murojaatnomasida 2025 yil yakunlari bo‘yicha mamlakat yalpi ichki mahsuloti ilk bor 145 mlrd dollardan oshganini ma’lum qilgan edi. Natijada yil davomida jalb etilgan investitsiyalar YAIMning qariyb 30 foiziga teng bo‘ldi, bu esa iqtisodiy o‘sishda investitsiya faolligining hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.

Investitsiya kiritishda Xitoy bilan bir qatorda Rossiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari ham eng faol davlatlar qatoriga kirdi. Ushbu mamlakatlar sanoat, infratuzilma, energetika va xizmatlar sohalaridagi yirik loyihalarda ishtirok etdi.

Shuningdek, xalqaro yirik kompaniya va moliyaviy institutlar ham O‘zbekiston bozoriga kirib keldi. Germaniyaning «Volkswagen», Yaponiyaning «Sojitz» kompaniyasi, AQSHning «Citigroup» va «Franklin Templeton» kabi tuzilmalari mamlakatdagi investitsiya muhitining turli yo‘nalishlarga kengayayotganini ko‘rsatadi.

Teglar

Mavzuga oid