
2025 yilda o‘zbekistonliklar eng ko‘p qaysi davlatlarga sayohat qildi?
2024 yilga nisbatan xorijga chiqqan fuqarolar soni qariyb 1,5 mln nafarga oshib, sayohat geografiyasi ham kengaydi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yilda 7,6 million nafar O‘zbekiston fuqarolari turistik maqsadlarda xorijiy davlatlarga safar qilgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davri bilan solishtirilganda qariyb 1,4 million nafarga yoki 22,2 foizga oshgan.
Qo‘shni davlatlar yetakchilik qilmoqda
2025 yilda o‘zbekistonliklar eng ko‘p safar qilgan davlatlar ro‘yxatida qo‘shni mamlakatlar yetakchi o‘rinni egalladi. Xususan, Qirg‘iz Respublikasiga 3,3 million nafar fuqaro safar qilgan bo‘lib, bu umumiy turistik oqimning katta qismini tashkil etdi. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston va Tojikiston turib, har ikki davlatga 1,3 million nafardan o‘zbekistonlik borgan.
Boshqa davlatlar ulushi
Qo‘shni mamlakatlardan keyingi o‘rinlarda Rossiya qayd etilgan bo‘lib, u yerga 433,3 ming nafar fuqaro safar qilgan. Diniy turizm yo‘nalishida Saudiya Arabistoni 366,2 ming nafar ko‘rsatkich bilan ajralib turadi. Shuningdek, Turkiyaga 268,9 ming nafar, BAAga 139,4 ming nafar fuqaro borgan.
Ro‘yxatning so‘nggi o‘rinlarida Misr (65,4 ming), Xitoy (52,6 ming) va Vietnam (39,1 ming) joy olgan.
Ma’lumot uchun, «O‘zbekiston–2030» strategiyasiga muvofiq, 2026 yilda mamlakatga tashrif buyuruvchi xorijiy turistlar soni 12 millionni tashkil etadi. Keyingi yillarda bu ko‘rsatkich bosqichma-bosqich oshirilib, 2030 yilga kelib 20 millionga yetkazilishi rejalashtirilgan. Buning uchun vizasiz rejimlar, transport ochiqligi va xizmatlar sifatiga alohida e’tibor qaratiladi.





