
2025 yilda soliq tushumlari kutilganidan ko‘p bo‘ldi
O‘zbekistonda 2025 yil yakunlariga ko‘ra, davlat budjetiga tushgan soliq va majburiy to‘lovlar keskin o‘sib, prognoz qilinganidan sezilarli darajada yuqori ko‘rsatkich qayd etildi.

Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda respublika budjetiga jami 247,8 trln so‘m soliq va boshqa majburiy tushumlar ta’minlandi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 24 foizga ko‘p bo‘ldi.
Tushumlar tarkibida eng katta ulush foyda solig‘i hissasiga to‘g‘ri kelib, u 72,3 trln so‘mni tashkil etdi va 37 foiz o‘sishni qayd etdi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha 45,2 trln so‘m tushum ta’minlanib, o‘sish sur’ati 14 foizni tashkil qildi. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 42,4 trln so‘mga yetdi va 20 foizga o‘sdi.

Tushumlar tarkibi
Tabiiy resurslar bilan bog‘liq soliqlar ham yuqori dinamikani namoyon qildi. Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq 25,8 trln so‘mga yetdi va 28 foizga oshdi. Aksiz solig‘i 20 trln so‘mni tashkil etib, 13 foiz o‘sish qayd etildi. Yer solig‘i 10 trln so‘m, mol-mulk solig‘i esa 8 trln so‘m hajmida tushum keltirdi.
Shuningdek, soliqsiz tushumlar ham sezilarli o‘sib, 19,5 trln so‘mni tashkil qildi. Bu toifaga dividendlar, bojlar, yig‘imlar, jarimalar va boshqa majburiy to‘lovlar kiradi. Aylanmadan olinadigan soliq 3,1 trln so‘m, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq esa 1,4 trln so‘m darajasida qayd etildi.
Reja va real tushumlar
2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti daromadlari prognoziga ko‘ra, bevosita soliqlar 100,3 trln so‘m, bilvosita soliqlar 104,7 trln so‘m, resurs to‘lovlari va mol-mulk soliqlari 38,7 trln so‘m bo‘lishi rejalashtirilgan.

Real tushumlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, foyda solig‘i, jismoniy shaxslar daromad solig‘i hamda yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq rejadagi ko‘rsatkichlardan sezilarli yuqori bajarilgan. Bilvosita soliqlar, xususan, QQS va aksiz solig‘i bo‘yicha ham real tushumlar ko‘p bo‘lganligi kuzatildi.





