
2025 yilgi fizika bo‘yicha Nobel mukofoti AQSH va fransiyalik olimlarga berildi
07.10.2025 | 15:505923
Jon Klark, Mishel Devor va Jon Martinis kvant mexanikasi sohasidagi kashfiyotlari uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Shvetsiyaning Qirollik fanlar akademiyasi 7 oktyabr kuni 2025 yilgi fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi bo‘lgan olimlarni e’lon qildi. Bu yilgi mukofot AQSH va Fransiyada faoliyat yuritayotgan Jon Klark, Mishel Devor va Jon Martinisga topshiriladi. Ular «elektr zanjirida makroskopik kvant tunnellanish va energiyaning kvantlanishini kashf etganliklari uchun» taqdirlandi.
Nobel jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, laureatlar umumiy 11 million shved kroni (1,18 mln AQSH dollari) miqdoridagi mukofotni bo‘lib olishadi. Taqdirlash marosimi an’anaga ko‘ra, 10 dekabr— Alfred Nobel vafot etgan sanada Stokholm va Osloda bo‘lib o‘tadi.
Nobel haftaligining jadvaliga ko‘ra, 8 oktyabr kuni kimyo bo‘yicha, 9 oktyabr kuni adabiyot sohasi bo‘yicha, 10 oktyabr kuni esa tinchlik va inson huquqlari sohasidagi yutuqlar uchun mukofotlar e’lon qilinadi. 13 oktyabr kuni esa iqtisodiyot bo‘yicha Alfred Nobel xotirasiga bag‘ishlangan mukofot sohibi aniqlanadi.
Avvalroq fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti g‘oliblari ma’lum qilingan edi. Unga amerikalik olimlar Meri Brunkov va Fred Ramsdell hamda yaponiyalik Shimon Sakaguchi inson tanasini o‘z immun tizimidan himoya qiluvchi periferik tolerantlik mexanizmlarini tadqiq etgani uchun loyiq deb topilgan edi.





