
2025 yilning 9 oyida qariyb 300 ming avtomobil sotildi: UzAuto ulushi 82,7 foiz
10.10.2025 | 07:5840824
O‘zbekistonda 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida 296 mingdan ziyod avtomobil sotilgan. Ulardan 82,7 foizi UzAuto Motors guruhi hissasiga to‘g‘ri keldi — bu kompaniyaning hukmronligini yana bir bor tasdiqladi.

«O‘zavtosanoat» ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning to‘qqiz oyida mamlakat bo‘ylab jami 296 ming 331 ta avtomobil sotilgan. Raqamlar O‘zbekiston avto bozoridagi kuchlar nisbatini yana bir bor aniq ko‘rsatdi: UzAuto Motors kompaniyasi hanuz yetakchi.
UzAuto Motors 141 ming 304 ta avtomobil sotgan — bu umumiy bozorning 47,7 foizi demakdir. Uning shu’ba kompaniyasi Khorezm Auto esa 103 ming 837 ta yoki 35 foiz ulush bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Shu tariqa, UzAuto guruhining umumiy bozordagi ulushi 82,7 foizga yetdi.
Uchinchi o‘rinda — ADM Jizzakh, u 32 ming 987 ta avtomobil sotib, bozorning 11,1 foizini egalladi. Qolganlar orasida BYD Uzbekistan Factory 16 ming 846 ta (5,7 foiz), Asaka Motors — 937 ta (0,3 foiz), SamAuto — 341 ta (0,13 foiz) va Alyans Auto — 79 ta (0,03 foiz) avtomobil sotishga muvaffaq bo‘lgan.
Brendlar kesimida mutlaq yetakchi — Chevrolet. Ushbu markadan 245 ming 141 ta avto sotilgan. Keyingi o‘rinlarda KIA (18 ming 863 ta), BYD (16 ming 846), Chery (8 ming 90), Haval (6 ming 34), Hyundai (758), Isuzu D-Max (341) va Wuling (105) keladi.
Eng ko‘p sotilgan modellar orasida an’anaviy ravishda Chevrolet Cobalt (95 ming 362 ta), Damas (78 ming 712) va Tracker (27 ming 921) yetakchi bo‘ldi. Shuningdek, o‘ntalikka Labo (25 ming 129), Onix (16 ming 287), KIA Sonet (13 ming 633), BYD Song Plus Champion DMI (4 ming 933), Yuan Up (4271), Chazor (3520) va Haval M6 (3204) kirdi.
Avvalroq 2025 yilning yanvar–avgust oylarida Cobalt avtomobili eng ko‘p ishlab chiqarilgan bo‘lsa-da, ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 2,98 foizga kamaygani haqida xabar bergan edik.





