
2025 yilning iyuli kuzatuvlar tarixidagi eng issiq uchinchi oy bo‘ldi
08.08.2025 | 09:2021664
Turkiyada +50,5 darajagacha yetgan harorat va 1,25 darajali o‘sish insoniyatning issiqlikka qarshi kurashda yutqazayotganini ko‘rsatmoqda.

2025 yil iyuli dunyodagi meteonazoratlar tarixida eng issiq uchinchi iyul oyi sifatida qayd etildi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining «Kopernik» iqlim o‘zgarishlari xizmati (C3S) xabar berdi. Turkiyada milliy rekord sifatida +50,5°C harorat qayd etilgani ayni paytda global isishning yirik belgisi bo‘ldi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, o‘tgan oyda dunyo bo‘ylab kuchli issiqlik, halokatli toshqinlar va boshqa iqlim voqealari kuzatildi. Bu o‘zgarishlar insoniyat faoliyati bilan bog‘liq global isishning oqibatidir.
C3S ma’lumotiga ko‘ra, iyul oyida Yer yuzidagi o‘rtacha harorat +16,68°C bo‘lgan. Bu 1991–2020 yillar oralig‘idagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 0,45°C ga yuqori. Shu bilan birga, bu ko‘rsatkich industrial davrgacha bo‘lgan (1850–1900) haroratdan 1,25°C ga balandroq bo‘ldi.
«Bu vaqtcha to‘xtalish bo‘lishi mumkin, ammo iqlim o‘zgarishi to‘xtagani yo‘q», — dedi C3S direktori Karlo Buontempo. Uning ta’kidlashicha, global isish oqibatida sodir bo‘layotgan voqealar (kuchli jaziramalar, suv toshqinlari) iyul oyida ham yaqqol namoyon bo‘ldi.
So‘nggi 12 oylik o‘rtacha harorat — 2024 yil avgustida boshlanib, 2025 yil iyuligacha — industrial davrgacha bo‘lgan ko‘rsatkichdan 1,53°C ga yuqori bo‘ldi. Bu esa Parij kelishuvida belgilangan 1,5°C chegaradan oshib ketdi. Mazkur kelishuv 2016 yilda kuchga kirgan va global isishni cheklashni maqsad qilgan.
Bosh sabab sifatida issiqxona gazlari, xususan, yoqilg‘i va yonilg‘ilardan chiqadigan CO₂ miqdorining ortishi ko‘rsatilmoqda. Mutaxassislar hukumatlarni bu gazlar chiqarilishini jadal qisqartirishga chaqirmoqda.
«Kopernik» xizmati 1940 yildan buyon ma’lumot to‘plamoqda. Ularning hisobotlari 1850 yillargacha bo‘lgan global ob-havo arxivlari bilan solishtiriladi.





