
2025 yilning yarmida 41 mingdan ortiq ayolga himoya orderi berildi
31.07.2025 | 15:3042513
2025 yilning yanvar–iyun oylari davomida 41 051 nafar ayol tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgani uchun ularga himoya orderlari rasmiylashtirildi. Himoya orderi — zo‘ravonlikka qarshi qonun himoyasiga muhtoj ayollarning huquqlarini ta’minlashda muhim vosita hisoblanadi.

Shu bilan birga, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan 11 914 nafar zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizga kunduzgi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatildi. Bunday xizmatlar ayollarga yordam berish, ularning ruhiy holatini barqarorlashtirish va huquqiy maslahat berishni o‘z ichiga oladi.
Ijtimoiy himoya choralari doirasida 4 006 nafar ayol birlamchi ko‘mak xonalarida turli yo‘nalishlarda yordam oldi. Bu xizmatlar ostida huquqiy, tibbiy va ijtimoiy maslahatlar, shuningdek, vaqtincha boshpanalar ham nazarda tutilgan.
Shuningdek, maxsus reabilitatsiya va moslashtirish markazlariga 512 nafar ayol hamda ularning 709 nafar farzandi joylashtirildi. Ularning har biriga zarur yordam ko‘rsatilib, jamiyatga moslashishlari uchun tegishli sharoitlar yaratildi.
Tazyiq va zo‘ravonlik holati yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan e’tiboran 24 soat ichida quyidagilar amalga oshirilishi belgilangan:
xotin-qizlar faoli va mahalladagi profilaktika inspektori ishtirokida tazyiq va zo‘ravonlikni sodir etgan shaxs bilan suhbat o‘tkaziladi;
profilaktika inspektori tomonidan himoya orderi rasmiylashtiriladi;
tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shoshilinch qabul bo‘limlariga joylashtiriladi;
rasmiylashtirilgan himoya orderlari va jabrlangan shaxslarga doir ma’lumotlar “Inson” markazlariga “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali yuboriladi.





