add

2026 yilda samarasiz subsidiyalar va imtiyozlar bekor qilinadi

Prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda 2026 yil byudjeti muhokama qilinib, samara bermayotgan subsidiya va imtiyozlarni tugatish, xarajatlarni qisqartirish hamda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

2026 yilda samarasiz subsidiyalar va imtiyozlar bekor qilinadi

27 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2026 yil uchun makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va davlat byudjeti parametrlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda joriy yil yakunlari tahlil qilinib, kelgusi yilning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Yig‘ilishda davlat rahbari samaradorligi past bo‘lgan subsidiya va imtiyozlarni bekor qilish zarurligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, byudjet mablag‘laridan foydalanishda tejamkorlik va samaradorlik asosiy tamoyilga aylanishi kerak. Shu bilan birga, asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qolishi ma’lum qilindi.

Xarajatlar siyosati bo‘yicha 2026 yilda davlat sarflari keskin qisqartiriladi, samaradorlik ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi. Yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish va mahalliy byudjet daromadlarini ko‘paytirish vazifalari qo‘yildi.

Shuningdek, samarasiz subsidiya mexanizmlarini tugatish orqali mablag‘larni aniq natija beradigan yo‘nalishlarga yo‘naltirish belgilandi.

Yig‘ilishda davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, dividend siyosatini tartibga solish va raqobatbardoshlikni oshirish uchun xususiy sektor ishtirokini kengaytirish kerakligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarni oxiriga yetkazibgina yangi tashabbuslarga resurs jalb qilish tizimiga o‘tiladi.

2026 yil uchun asosiy prognoz ko‘rsatkichlar ham ma’lum qilindi: YAIM 6,6 foiz o‘sishi va hajmi 150 milliard dollardan ortishi kutilmoqda. Iqtisodiyotga barcha manbalardan kamida 400 trillion so‘m investitsiya yo‘naltiriladi, inflyatsiya esa 7 foizdan oshmasligi rejalashtirilgan.

Davlat rahbari yig‘ilish yakunida 2026 yilni «iqtisodiy samaradorlik va tejamkorlik yili» sifatida tashkil etish zarurligini ta’kidladi.

Avvalroq 2026 yilda asosiy soliq stavkalari o‘zgarmasligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

2026 yilda samarasiz subsidiyalar va imtiyozlar bekor qilinadi | Vaqt.uz