add

2026'da ham davom etadi: Oltin narxlari navbatdagi rekordga chiqdi

Bugun 11:552 daqiqa

O‘zbekistonda 100 gr oltin quymalari narxi birinchi bor 180 mln so‘mdan oshdi. Jahonda narx unsiyada 4 600 dollarga yaqinlashdi.

2026'da ham davom etadi: Oltin narxlari navbatdagi rekordga chiqdi

Markaziy bank 12-yanvar uchun oltin quymalarining narxini e’lon qildi. Quymalar narxi 1 gr uchun ilk bor 1 mln 800 ming so‘mdan oshdi. 


100 gr ko‘rinishidagi quymalar banklarda 180 mln so‘mdan qimmatroq sotilmoqda. Ularni qaytarib sotib olish narxi qadoq but bo‘lgan holatda 173,2 mln so‘m.

photo_2026-01-12_11-36-45

Quymalarning sotish va sotib olish narxi o‘rtasidagi farq 3,9 foizdan 4,9 foizgacha bo‘lmoqda. Qadog‘i but holatdagi quymalar sotish narxidan 3,9 foizga kamroq narxda sotib olinayotgan bo‘lsa, texnik talablarga mos kelmaydigan quymalar 4,9 foiz arzonroq narxda sotib olinmoqda. 

Xalqaro bozordagi vaziyatdan kelib chiqib, regulyator narxlarni kun davomida qayta ko‘rib chiqishi mumkin. 

Mamlakatdagi hamma bank ham oltin quymalarini sotavermaydi. Qaysi bankdan quyma sotib olish mumkinligini Markaziy bankning rasmiy saytidan bilib olish mumkin

Ayni paytda  “Xalq banki”ning Yakkasaroy BHMsida eng ko‘p oltin quymalari sotilmoqda —  3 583 ta

2025 yil davomida oltin bir necha bor tarixiy rekordlarni yangiladi. Jahon bo‘yicha narxlar 70 foizdan ko‘proq oshgan bo‘lsa, oltin quymalari ham o‘sishda davom etdi va jozibador sarmoya vositasiga aylandi. 

2026 yil narx qanday bo‘ladi? 

Ayni paytda jahon bo‘yicha oltin narxi troya unsiyasida 4 570 dollarga yaqin bo‘lib turibdi. Maksimumda narx 4 590 dollargacha chiqdi. 

Oltin narxi aksariyat tahlilchilar tomonida 2026 yilda ham o‘sishi kutilmoqda. JP Morgan tahlilchilari keyingi yil oxirida oltinni 5 200—5 300 dollar atrofida bo‘ladi deb kutmoqda. Goldman Sachs prognozi esa 4 900 dollar atrofida. 

Ushbu kutilmalar amalga oshadigan bo‘lsa, 100 gr ko‘rinishidagi oltin quyma narxi 2026 yilda 200 mln so‘mdan oshadi. Bu esa unga bo‘lgan talabni yanada kuchaytirishi kutilmoqda. 

Markaziy bank oltin narxi 2026 yilga kelib 4 000 dollar atrofida bo‘lishini prognoz qilgandi. Vaziyatga qarab narx 5 500 dollargacha chiqishi yoki 2 500 dollargacha arzonlashi ham mumkin.

Oltinga O‘zbekiston sharoitida qanday qilib investitsiya kiritish haqida bu yerda o‘qish mumkin.

Teglar

Mavzuga oid