
2030 yilgacha aholining ekologik madaniyatini oshirish bo‘yicha konsepsiya tasdiqlandi
19.05.2025 | 16:0140644
Prezident qarori bilan 2030 yilgacha aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha konsepsiya qabul qilindi. Hujjatda ta’lim, jamoatchilik nazorati va davlat monitoringi tizimida keng ko‘lamli o‘zgarishlar ko‘zda tutilgan.

2025 yil 15 may kuni Prezident tomonidan «2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi»ni tasdiqlovchi qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2030 yilgacha maktabgacha ta’lim muassasalarining 3,3 millionga yaqin tarbiyalanuvchilari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 4,2 million o‘quvchilarida ekologik bilim va madaniyat shakllantirilishi rejalashtirilgan.
Konsepsiya 2027 yildan boshlab har ikki yillik «yo‘l xaritasi» asosida amalga oshiriladi. Davlat idoralari xodimlari uchun bepul o‘quv kurslari tashkil etiladi. Shuningdek, O‘zbekiston 1998 yilda Daniyaning Orxus shahrida qabul qilingan konvensiyaga qo‘shilgani munosabati bilan 2025 yil 1 dekabrdan boshlab atrof-muhit monitoringiga oid ma’lumotlar jamoatchilikka ochiq bo‘ladi.
Ushbu bazalarda daraxt ekish loyihalari, o‘simliklarni kesish bo‘yicha arizalar, tabiiy resurslarni noqonuniy ishlatgan shaxslar, chiqindilarni qayta ishlash va sanitar tozalash faoliyati yurituvchi korxonalar haqidagi ma’lumotlar muntazam joylashtirib boriladi.
Shuningdek, «Yashil makon» loyihasi doirasida «Yangi daraxt – yangi nafas» nomli ekochempionatlar, «Mahallani chiqindidan xoli hududga aylantiramiz» shiori ostida targ‘ibot tadbirlari o‘tkaziladi. Ilmiy izlanishlarda ekologik mavzular alohida yo‘nalish sifatida tanlovga qo‘shiladi. Oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida «ekovolontyorlar» harakati tashkil etiladi.
Ekologiya sohasidagi yosh olimlar va chet elda tahsil olayotgan talabalarni birlashtirish maqsadida «Ekolog olimlar hamjamiyati» nomli nodavlat notijorat tashkiloti ham tashkil etiladi. Bu tashabbuslar orqali tabiatni asrashga mas’ul va faol kadrlar tayyorlash maqsad qilingan.
Avvalroq mazkur qaror bilan 2025 yil 1 avgustdan boshlab ekologik nazorat inspektorlari qonunbuzarlik holatlarini aniqlagandan so‘ng 24 soat ichida «Yagona davlat nazorati» tizimi orqali chora ko‘rishda tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilishi haqida xabar qilingan edi.





