2030-yilgacha iqtisodiyot hajmini 240 mlrd dollardan oshirish niyatidamiz – Shavkat Mirziyoyev

Prezident buning natijasida daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirishni hamda kambag‘allikka to‘liq barham berishni maqsad qilganini aytdi.

2030-yilgacha iqtisodiyot hajmini 240 mlrd dollardan oshirish niyatidamiz – Shavkat Mirziyoyev © Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston iqtisodiyoti global beqarorlik sharoitga qaramasdan 2026-yilning birinchi chorak yakuni bo‘yicha 8,7 foizli o‘sishga erishdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 4-may kuni Samarqand shahrida o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilari kengashining 59-yillik yig‘ilishida so‘z ochdi.

«Eng muhimi, islohotlarimizda har bir oila, har bir insonning kundalik hayotini yaxshilashga asosiy e’tiborni qaratdik. Biz o‘tgan davrda 8,5 million ehtiyojmand aholi daromadini oshirib, kambag‘allik darajasini qariyb 35 foizdan bugungi kunda 5,8 foizga tushirishga erishdik», – dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston oxirgi o‘n yilda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda eng katta ijobiy o‘zgarish qilgan beshta davlatdan biri bo‘lganini ham qayd etdi.

«Biz 2030-yilga qadar O‘zbekistonda barcha sohalarni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish orqali iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirish niyatidamiz.

Natijada daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirishni hamda kambag‘allikka to‘liq barham berishni maqsad qilganmiz», – dedi Mirziyoyev.

U yaqin kunlarda 13 ta strategik yirik korxona aktivlarini o‘z ichiga olgan «Milliy investitsiya jamg‘armasi»ning 30 foiz ulushi xalqaro fond bozoriga chiqarilishini ham eslatib, bunday muhim qadam O‘zbekiston hamkorlarining mamlakat investitsiya muhitiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

147 milliard dollarga yetgan iqtisodiyot

Prezident bugungi kunda mamlakat iqtisodiyoti mutlaqo yangi rivojlanish davrini boshdan kechirayotganini ta’kidladi.

«Biz 2016-yildan buyon iqtisodiyotni erkinlashtirish, investorlar uchun jozibador muhit yaratish, global qo‘shilgan qiymat zanjirida faol qatnashish, hududlarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini tubdan yangilash, aholi turmush sharoitini yaxshilash bo‘yicha katta islohotlarni olib boryapmiz.

Tarixan qisqa vaqt ichida mehnatkash va bunyodkor xalqimiz bilan murakkab taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdik», – dedi davlat rahbari.

Bildirilishicha, so‘nggi yillarda iqtisodiyotimizga 150 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilib, minglab zamonaviy korxonalar ishga tushirilgan. Birgina energetika sohasida 35 milliard dollarlik investitsiya loyihalari hisobiga elektr ishlab chiqarishni 1,5 barobar oshirib, 87 milliard kilovatt-soatga yetkazilgan. Bu davrda tovar va xizmatlar eksporti 3 karra o‘sgan, iqtisodiyot hajmi esa 50 milliarddan 147 milliard dollarga yetgan.

«Bunday ijobiy natijalar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilmoqda. 2020-yildan buyon O‘zbekiston suveren kredit reytinglarida o‘z o‘rnini barqaror oshirib bormoqda.

Iqtisodiy erkinlik indeksida joriy yil yurtimiz 14 pog‘ona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti mo‘’tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi”» – dedi prezidenti.

OTB bilan hamkorlik

Prezident Mirziyoyev O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarda Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlarining o‘rnini alohida e’tirof etdi. Ishonchli strategik sherikka aylangan bank bilan hozirgi kunga qadar qariyb 16 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, Osiyo taraqqiyot banki mamlakatdagi qayta tiklanuvchi energetika, qishloqlarda uy-joy qurilishi va Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlik yo‘nalishlarida ilk kunlardan yelkadosh bo‘lgan.

Davlat rahbari fursatdan foydalanib, O‘zbekistonni doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda hamda bank Boshqaruvchilariga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Shu bilan birga, yaqin hamkorlik uchun Jahon banki, Xalqaro valuta jamg‘armasi, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro moliya institutlari rahbariyatiga, shuningdek, barcha xorijiy sheriklarga alohida tashakkur izhor etildi.

Kuni kecha OTB bilan 12 milliard dollarlik yangi hamkorlik dasturi imzolandi.

«Barqaror taraqqiyotni ta’minlash uchun Bank bilan hamkorlikda yangi mexanizm va ta’sirchan yondashuvlarni joriy etishni davrning o‘zi bizdan taqozo etmoqda», – dedi prezident.

Teglar

Mavzuga oid

2030-yilgacha iqtisodiyot hajmini 240 mlrd dollardan oshirish niyatidamiz – Shavkat Mirziyoyev | Vaqt.uz