
2030 yilgacha qora metallurgiya mahsulotlari 7,8 mln tonnaga yetkaziladi
20.05.2025 | 13:0036823
O‘zbekistonda qora metallurgiya sanoatini rivojlantirish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan yangi strategiya qabul qilindi. Unga ko‘ra, temir ma’danlari qazib olish 7,2 million tonnaga, mahsulot ishlab chiqarish hajmi esa 7,8 million tonnaga yetkaziladi.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi qora metallurgiya sohasini 2030 yilgacha rivojlantirish bo‘yicha strategiya ishlab chiqdi. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda vazirlik boshqarma boshlig‘i Maqsud Bolibekov ma’lum qildi. Unga ko‘ra, mazkur strategiya O‘zbekiston Prezidentining 2025 yil 30 yanvardagi farmoni asosida qabul qilingan.
Hujjatda xomashyo bazasini kengaytirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, investitsiyalarni oshirish, ESG standartlarini joriy etish va innovatsion yechimlardan keng foydalanish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilangan. Shu bilan birga, mutaxassislar malakasini oshirish va bozor mexanizmlarini ishlab chiqish ham ko‘zda tutilgan.
Chig‘atoy, Kenes, Mingbuloq, Chuyankon va Vaxshivar kabi temir ma’danli maydonlarda izlanishlarni yakunlash, Syurenota va Tebinbuloq konlarini o‘zlashtirish rejalashtirilmoqda. Yopiq davrli texnologiyalar, chiqindilarni qayta ishlash va “yashil po‘lat” konsepsiyasini amaliyotga tatbiq etish muhim vazifalardan sanaladi.
2025–2030 yillar oralig‘ida choksiz quvurlar, avtomobil sanoati uchun maxsus po‘lat listlar va boshqa yuqori qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida kooperatsiya yo‘lga qo‘yiladi, sohadagi muammolarni tezkor hal etish mexanizmlari yaratiladi.
Strategiya natijasida 2030 yilgacha temir ma’danlari qazib olish 7,2 million tonna, qora metallurgiya mahsulotlari ishlab chiqarish esa 7,8 million tonnaga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, 10 ta yirik loyiha amalga oshiriladi, 1,7 milliard dollarlik xorijiy investitsiya jalb qilinadi va 5 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi.





