
2033 yilgacha O‘zbekistonda islom banklari aktivlari $2,4 milliardga yetadi
21.05.2025 | 13:5617683
Yevroosiyo taraqqiyot banki prognoziga ko‘ra, O‘zbekiston islomiy moliya bozori bo‘yicha Qozog‘istondan keyingi o‘rinni egallab, 2033 yilgacha bank aktivlarini sezilarli oshiradi.

Yevroosiyo taraqqiyot bankining bazaviy ssenariysiga asosan, 2033 yilga borib O‘zbekistondagi islom banklari aktivlari 2,4 milliard dollarga yetadi. Bu natija mamlakatni Markaziy Osiyoda Qozog‘istondan keyin ikkinchi o‘ringa olib chiqishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, islomiy obligatsiyalar sifatida tan olingan sukuk aktivlari hajmi shu davrga kelib 1,8 milliard dollardan oshishi mumkin. Mutasaddilar bu o‘sishni aholi sonining ko‘payishi va islomiy moliyaga bo‘lgan qiziqishning ortayotgani bilan izohlamoqda.
2028 yilgacha butun Markaziy Osiyodagi islom banklari aktivlari 2,5 milliard dollarga, 2033 yilda esa 6,3 milliard dollargacha yetishi taxmin qilinmoqda. Shu bilan birga, sukuk aktivlari ham mos ravishda 2,1 milliard va 5,6 milliard dollargacha ko‘payishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda tegishli huquqiy baza yaratilgandan so‘ng, 2028 yilga kelib islom banklari aktivlari 1,1 milliard dollarga yetishi mumkin. Sukuk portfeli hajmi esa dastlab 600 million dollarga, keyin esa 1,9 milliard dollargacha ko‘tarilishi mumkin.
Mazkur o‘sish istiqbollari mamlakatda islomiy moliya tizimini bosqichma-bosqich joriy etish va rivojlantirish bilan bog‘liq. Ayni paytda Islom taraqqiyot banki tomonidan ta’lim sohasi uchun 19,2 million dollar ajratilgani ham ushbu sohaga bo‘lgan xalqaro e’tiborni tasdiqlaydi.





