
2,5 yilga «kesilgan» Mubashshir Ahmad, sun’iy intelekt sabab ishdan ketganlar hamda oltin «vasvasasidagilar» - 8 oktyabr yangiliklari
08.10.2025 | 22:0088010
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, JIB Uchtepa tuman sudi Alisher Tursunovga Jinoyat kodeksining 57-moddasini (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llagan holda 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
O‘zbekistonda raqamlashtirish tufayli vazirlik va idoralarda 2 mingdan ortiq xodim qisqartiriladi
Prezident raqamli boshqaruvni joriy etish orqali davlat tuzilmalarida optimallashtirishni boshladi, ishsiz qoluvchilarga yordam ko‘rsatish topshirildi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida keng ko‘lamli raqamlashtirishni joriy etish hisobiga boshqaruv shtat birliklari sonini optimallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Qisqartirish eng ko‘p Suv xo‘jaligi vazirligida — 224 nafar, Qishloq xo‘jaligi vazirligida — 218 nafar, Adliya vazirligida — 197 nafar, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi vazirligida — 176 nafar, Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida esa — 163 nafarni tashkil etadi.
Shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasidan 486 nafar, Davlat aktivlarini boshqarish agentligidan 65 nafar xodim qisqartiriladi. Qo‘mitalar va agentliklarda rahbar o‘rinbosarlari soni ham sezilarli darajada kamayadi — ayrim tuzilmalarda ikki barobargacha. Natijada davlat byudjeti hisobiga ishlaydigan xodimlar soni 43 ming 300 nafardan ortiqqa, byudjetdan tashqari jamg‘armalarda esa qariyb 3,7 ming nafarga qisqaradi.
O‘zbekistonda banklarning kredit kartalari bo‘yicha foiz siyosatiga tekshiruv o‘tkaziladi
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tijorat banklarining kredit kartalari orqali amalga oshirilayotgan operatsiyalarida fuqarolar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Markaziy bankka so‘rov yo‘lladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda mamlakatda aholi turmush darajasini oshirish maqsadida turli shakldagi kredit turlari joriy etilayotgan bo‘lsa-da, ayrim banklar kredit kartalaridan kommunal to‘lovlar, ta’lim, tibbiyot, sug‘urta va soliq to‘lovlari uchun foydalanganda ularni naqd pul yechishga tenglashtirib, foiz va komissiya undirmoqda.
Bu holat aholi noroziligiga sabab bo‘ldi va fuqarolar tomonidan asossiz komissiyalar yuzasidan ko‘plab shikoyatlar kelib tushmoqda. Shu munosabat bilan Qo‘mita «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunning tegishli moddalariga tayanadigan holda, Markaziy bankdan davlat va nodavlat tijorat banklarining faoliyatini o‘rganishni so‘radi.
O‘zbekiston oltin valyuta zaxiralari qariyb 55 mlrd dollarga yetdi
O‘zbekiston rasmiy zaxira aktivlarining umumiy qiymati sentyabrda o‘tgan oyga nisbatan 4,9 mlrd dollarga yoki 9,8 foizga ortdi va ketma-ket ikkinchi oy rekordni yangiladi. Avgustda aktivlar hajmi birinchi marta 50 mlrd dollardan oshgandi. Yil boshiga nisbatan O‘zbekiston oltin zaxirasi 12,204 mlrd dollarga, jami zaxiralari 13,812,6 mlrd dollarga ko‘paydi.
Garchi sentyabrda zaxira aktivlardagi oltinning fizik hajmi 200 ming troy unsiyaga kamaygan bo‘lsa-da, uning qiymati 44,24 mlrd dollarga yetdi.
Sentyabr oyi davomida oltin narxining 3407,50 dollardan 3806,55 dollargacha oshishining ta’siri +4,6 mlrd dollarni tashkil etdi, deya izoh berdi Markaziy bank.
Xorijiy valyutadagi boshqa aktivlar hajmi 22,1 mln dollarga kamaydi. Bunda rasmiy zaxira aktivlarga kiritilmagan depozitlar 33 mln dollarga kamaygan bo‘lsa, rasmiy zaxira aktivlarga kiritilmagan oltin hajmi 10,6 mln dollarga oshdi.
2026 yildan muddati o‘tgan tovarlarni sotish taqiqlanadi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 oktyabr kuni iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi huzuridagi huquqiy axborot kanali xabar berdi. Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan boshlab mamlakatda sotilayotgan tovarlarning yaroqlilik muddati raqamli markerovka orqali qat’iy nazoratga olinadi. Agar mahsulotning muddati tugagan bo‘lsa, uning sotilishi «Asl Belgisi» axborot tizimi tomonidan avtomatik ravishda cheklanadi.
Shuningdek, cavdo nuqtalarda tovar shtrix-kodi skaner qilinganda, agar mahsulotning muddati o‘tgan bo‘lsa, kassa apparati chek chiqarmaydi va sotuv amalga oshmaydi. Bu orqali bozorda sifatsiz yoki xavfli mahsulotlarning tarqalishi oldi olinishi kutilmoqda.
2025 yil 15 oktyabrdan 2027 yil 1 yanvarigacha nodavlat notijorat tashkilotlarni iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jarayonlariga jalb etish bo‘yicha tajriba sinovi o‘tkaziladi. Ularga nazorat xaridlari amalga oshirish va do‘konlarga «maxfiy xaridor» yuborish huquqi beriladi.
Buxoro va Navoiyda noqonuniy oltin qazib olayotganlar qo‘lga olindi
«Kontexnazorat» inspeksiyasi Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi «Oltin Kon» MCHJga tegishli hududlarda o‘tkazgan tekshiruvlar chog‘ida begona shaxslar tomonidan qonunga xilof ravishda oltin qazib olish holatlari aniqlandi. Tekshiruv natijalari Davlat xavfsizlik xizmatiga yuborildi va DXX hamda ichki ishlar organlari tomonidan tezkor choralar ko‘rildi. «Quljuqtov» tog‘ massivida o‘tkazilgan maxsus tadbirda 37 nafar shaxs noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar 3 ta «Ford» avtomashinasi, 8 ta perforator, 6 ta kompressor hamda tarkibida oltin moddasi bo‘lgan 400 qopga yaqin ruda va qo‘lbola asbob-uskunalarni ashyoviy dalil sifatida musodara qildi.





