add

37 yil deganda ilk marta: O‘zbekistonda 2026 yil aholi ro‘yxatdan o‘tkaziladi

11.09.2025 | 21:2037896

O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlari 2026 yil 15 yanvardan boshlanib, 28 fevralga qadar davom etadi.

37 yil deganda ilk marta: O‘zbekistonda 2026 yil aholi ro‘yxatdan o‘tkaziladi
O‘zbekistonda 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralga qadar aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatdan o‘tkazish tadbirlari o‘tkaziladi. Uning dastlabki 17 kuni internet orqali, keyingi bir oy mobaynida esa «mahalla yettiligi» ishtirokida uyma-uy yurib amalga oshirilishi belgilanmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 11 sentyabr kuni aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlarini samarali tashkil etishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishish chog‘ida ma’lum bo‘ldi. Qayd etilishicha, O‘zbekistonda umummilliy ro‘yxatga olish oxirgi marta 1989 yilda o‘tkazilgan. So‘nggi yillarda bu yo‘nalishda qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, «Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida» qonun qabul qilinib, aholini har 10 yilda, qishloq xo‘jaligini esa har 5 yilda kamida bir marta ro‘yxatdan o‘tkazish belgilangan. Shu bois, 2021 yilda aholini, 2022 yilda esa qishloq xo‘jaligini sinov tariqasida ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkazilgan. Lekin to‘laqonli ro‘yxatga olishni o‘tkazish uchun zarur omillar va xalqaro tajribalarni o‘rganish hamda tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish ma’lum vaqtni taqozo etishi bois, bu tadbir keyinga qoldirilgan edi. Taqdimotda xalqaro tajribadan kelib chiqib hamda Jahon banki, YUNFPA va FAO tashkilotlari ishtirokida ishlab chiqilgan aholi va qishloq xo‘jaligini bir vaqtda ro‘yxatdan o‘tkazish taklifi ko‘rib chiqilgan. Mazkur usul orqali xarajatlar sezilarli qisqarib, 1,3 trillion so‘m mablag‘ tejaladi. Shuningdek, ro‘yxatga olish jarayonlari oddiy va shaffof tarzda tashkil etiladi. Savollarning soni avval rejalashtirilgan 328 tadan 71 taga qisqartirildi. Ro‘yxatga olish natijasida Yevropa statistiklar konferensiyasining 2020 yildagi tavsiyalari asosida 38 million aholining tarkibi va migratsiyasi, oilaviy holati, faoliyat turi, daromad manbalari to‘g‘risida yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Mamlakatdagi qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish holati, chorva mollari va parrandalar soni aniqlanadi. Bu orqali qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilayotgan yillik 25,6 trillion so‘m, jumladan, 2,2 trillion so‘m byudjet mablag‘larining samaradorligi, sohadagi xizmatlar hajmi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun zarur ma’lumotlar to‘plami yaratiladi. Ro‘yxatga olish jarayonlarini samarali amalga oshirish uchun «mahalla yettiligi» maxsus o‘quv dasturi asosida tayyorlanadi va rag‘batlantiriladi. Buning uchun Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan statistika tizimini mustahkamlash loyihasining mablag‘lari yo‘naltiriladi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targ‘ibot ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Maxsus ko‘rsatuv va videoroliklar namoyish etilib, fuqarolarning xabardorligi oshiriladi. Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarini tizimli va sifatli amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

Teglar

Mavzuga oid