add

38 mlndan oshgan O‘zbekiston aholisi, Xitoyga yo‘l olgan Prezident va musobaqadan chetlatilgan mezbon — hafta dayjesti

31.08.2025 | 10:00300116

O‘tayotgan hafta ichida dunyo va mamlakatimizda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli voqea-hodisalarni yana bir bor esga olamiz.

38 mlndan oshgan O‘zbekiston aholisi, Xitoyga yo‘l olgan Prezident va musobaqadan chetlatilgan mezbon — hafta dayjesti
Videoni Youtubeʼda tomosha qiling: 👉https://youtu.be/obZC0ILwV9I Mustaqillikning 34 yilligi tantana qilindi Mustaqillik bayramiga atalgan hukumat tadbirlarining barchasi odatdagidan biroz oldinroq, 29 avgust kuni bo‘lib o‘tdi. Bunga sabab — Prezident Sh.Mirziyoyev 30 avgust kuni Xitoyga SHHT sammitida ishtirok etish va Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan paradni tomosha qilish uchun 4 kunlik safar bilan ketdi. Bayram tantanalari Shavkat Mirziyoyev Shahidlar xotirasi xiyobonida qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida ishtirok etdi hamda «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi. Shu kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yangidan barpo etilgan muhtasham Islom sivilizatsiyasi markazini ham ochib berdi. Kechqurun Prezident Mustaqillikning 34 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida ishtirok etib, xalqimizga tabrik bilan murojaat qildi. Hafta ichida Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z farmonlari bilan Mustaqillikning 34 yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotladi. 27 avgust kuni Toshkentda ushbu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar «Oliy darajali Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlandi. Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga 2-darajali davlat adliya maslahatchisi unvoni berildi. Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov va mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhammedov general-leytenant bo‘ldi. DXX raisi o‘rinbosari Bahrom Rashidov general-mayor unvonini oldi. Adliya vaziri Akbar Toshqulov «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi. Taqdirlanganlar orasida vazirlar, hokimlar, shoirlar, jurnalistlar va boshqa soha xodimlari bor.   Prezident 523 nafar mahkumni afv etdi Mustaqillikning 34 yilligi munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev 523 nafar mahkumni afv etish to‘g‘risida farmon imzoladi. Bu aybini anglagan va qilmishidan pushaymon bo‘lgan shaxslar uchun yangi imkoniyat sifatida baholanmoqda. Farmonga ko‘ra, 195 kishi jazodan to‘liq ozod qilindi, 147 nafar shartli ravishda erkinlikka chiqarildi, 87 nafarning jazosi yengilroq turga almashtirildi va 94 mahkumning qamoq muddati qisqartirildi. Afv etilganlar orasida 45 nafar ayol, 31 nafar qariya va 220 nafar yoshlar bor. Taqiqlangan tashkilotlarda ishtirok etgan 15 shaxs, 8 nafar chet el fuqarosi, jumladan, Tojikiston va Siyerra-leoneliklar ham bor. Afv etilganlar profilaktika, ijtimoiy ko‘mak va reabilitatsiya bilan qamrab olinadi.   O‘zbekiston aholisi 38 million kishiga yetdi Milliy statistika qo‘mitasi 2025 yil 28 avgust kuni  O‘zbekistonning doimiy aholisi 38 million kishidan oshganini ma’lum qildi. Bu O‘zbekiston aholisi bilan bog‘liq yangi tarixiy marra sifatida qayd etildi. Aholining 19 million 136 ming 800 nafari erkaklar bo‘lsa, 18 million 863 ming 200 nafari ayollardir. Ya’ni mamlakatimizda erkaklar soni ayollarga nisbatan 273 ming 600 nafarga ko‘p ekani qayd etildi. O‘zbekiston aholisi navbatdagi millionga ko‘payishiga — 38 millionga yetish uchun 493 kun kifoya qildi. Avval 36 mlndan  37 millionga yetishimiz uchun 501 kun ketgandi. Shu tendensiya saqlanadigan bo‘lsa, aholimiz 2027 yilning yanvarida 39 million, 2028 yilning may oyida yaxlit 40 millionlik marraga yetamiz.   Moskvada o‘zbekistonlik muhojir tahqirlandi — TIV munosabat bildirdi Moskva oblastida rossiyalik shaxs o‘zbekistonlik taksist muhojirni haqorat qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va katta e’tirozlar keltirib chiqargan videoda u haydovchiga: «Sen ruslarning qulisan!», «O‘zbekistonda hech narsa yo‘q, shuning uchun bizga kelgansan» kabi haqoratli so‘zlar aytgan. Holat Moskva oblastining Ximki shahridagi turar joy majmuasida ro‘y bergan. O‘zbekistonlik muhojir mojaroga javob bermasdan tinchlanishni so‘ragan va ketgan. Guvohlarga ko‘ra, janjal haydovchi qisqa vaqtga mashinani hovli kirishida to‘xtatib qo‘yganidan boshlangan. Voqea Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgach O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasman munosabat bildirgani yo‘q. Faqat vazirlik matbuot kotibi tomonidan tarqatilgan munosabatda voqea to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olinmagan bo‘lsa-da, «fuqarolar dunyoning istalgan nuqtasida davlat himoyasida» ekanligi qayd etilgan.   Deputatlar Toshkentda issiq suv va issiqlik tariflari qimmatlashishini ma’qulladi Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi «Veolia Energy Tashkent» kompaniyasining taklifini ma’qullab, issiq suv va issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun tariflarni oshirishga rozilik berdi. Yangi tariflar aholi uchun 15 foizga, yuridik shaxslar uchun 40 foizga va byudjet tashkilotlari uchun 18,8 foizga oshishi ko‘zda tutilgan. Tariflar 1 oktyabrdan kuchga kirishi mumkin va bu qaror shahar hokimi tomonidan imzolanganidan so‘ng 15 kun ichida amalga oshiriladi.  Kompaniya rahbari Sevara Pardayeva ta’kidlashicha, hozirgi paytda aholi real tarifning faqat 18 foizini to‘lamoqda, qolgan qismi shahar byudjetidan subsidiya orqali qoplanmoqda. Hukumat 2030 yilgacha subsidiyalarni bosqichma-bosqich tugatishni rejalashtirgan. 2024 yilda subsidiyalar uchun 1,97 trln so‘m ajratilgan bo‘lib, bu 2023 yilga nisbatan ancha ko‘p. Agar tariflar oshirilmasa, kelgusida yanada katta miqdorda ko‘tarilish ehtimoli bor.   Zoyir Mirzayev: «Sea Breeze — barchani mamnun qiladigan loyiha» Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Chorvoq suv ombori sohilida amalga oshirilayotgan va jamoatchilikda turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelayotgan Sea Breeze Uzbekistan loyihasi to‘g‘risida fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu muhokamalar mutaxassislarning mas’uliyatini yanada oshirgan. «Avvaliga menda ham xavotir bor edi, ammo iflos suvlarni omborga oqizmasdan qayta ishlash va takroran foydalanishga kafolat berilganidan keyin bu tashvishim ancha kamaydi. Hokim sifatida mening asosiy maqsadim — turistlar sonini ko‘paytirish va viloyatda turizmdan daromadni oshirishdir. Turizm esa tabiat asrab qolingan joylarda rivojlanadi», — dedi Mirzayev.   Toshkent metrosida kassa operatori lavozimlari tugatiladi Yil oxiriga qadar Toshkent metrosidagi barcha kassa operatori lavozimlari bosqichma-bosqich tugatiladi. Bunga sabab elektron to‘lov tizimlari va avtomatlashtirilgan chipta bankomatlar joriy etilayotgani. Dastlabki bosqichda 204 nafar operatori shtati qisqartirildi. Yil yakuniga qadar barcha bekatlarda bankomatlar o‘rnatiladi va operatori lavozimlari to‘liq bekor qilinadi. Qisqartirilayotgan xodimlarga boshqa sohalar bo‘yicha kasb-hunar kurslari taklif qilinmoqda. Kurs to‘lovlari metropoliten tomonidan qoplanadi. Xitoyda 44 mln dollar pora olgan amaldor o‘limga hukm qilindi Xitoyning Guylin shahri sudi Lyu Sintay ismli sobiq yuqori lavozimli amaldorni 44 million dollar pora olgani uchun o‘lim jazosiga hukm qildi. Chunki poraxo‘r amaldorlar Xitoyda o‘limga hukm qilinadi. Lyu Sintay Haynan provinsiyasi va Shandongda rahbarlik qilgan, davlat shartnomalari va mansab evaziga katta miqdorda pul olgan. Sud qaroriga ko‘ra, Lyu Sintay 2003–2024 yillar oralig‘ida o‘z vakolatlarini suiste’mol qilgan va unga berilgan pora 316 million yuanni tashkil qilgan. Uning barcha mol-mulki musodara qilinib, siyosiy huquqlari ham butunlay cheklandi. Aybdor o‘z jinoyatini tan olgani, tergovga yordam bergani va pullarning asosiy qismini qaytargani uchun sud o‘lim jazosini ikki yilga kechiktirib ijro etishga qaror qildi.   O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Osiyo chempionatidan chetlatildi Toshkentda o‘tayotgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida O‘zbekiston handbol terma jamoasi musobaqadan chetlatildi. Osiyo handbol federatsiyasi qarorga jamoa tarkibidagi ayrim o‘yinchilar hujjatlarida noaniqliklar aniqlanganini sabab qilib ko‘rsatdi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning guruhdagi barcha natijalari bekor qilindi. O‘zbekiston handbol federatsiyasi esa qarorga rozi emasligini bildirib, Xalqaro handbol federatsiyasiga apellyatsiya xatini yo‘lladi. Federatsiyaning ta’kidlashicha, terma jamoa o‘z haq-huquqini qonuniy tarzda himoya qilish niyatida.   Ronaldu va Jorjina nikoh shartnomasi tuzdi Qariyb o‘n yillik munosabatdan so‘ng Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodriges rasman turmush qurishga qaror qildi va nikoh shartnomasi imzoladi. Shartnomaga ko‘ra, ajralish holatida Ronaldu Jorjinaga oyiga 114 ming dollar nafaqa, Madriddagi 5,6 mln dollarlik villa, lyuks avtomobillar, aviaparvoz xarajatlari va farzandlar uchun oyiga 500 ming dollar aliment to‘laydi. Shuningdek, Jorjina 50 million dollarlik bir martalik to‘lovga ham ega bo‘ladi. Juftlikning besh nafar farzandi bor. Forbes ma’lumoticha, Ronalduning boyligi 671 million dollarni tashkil etadi.

Teglar

Mavzuga oid

38 mlndan oshgan O‘zbekiston aholisi, Xitoyga yo‘l olgan Prezident va musobaqadan chetlatilgan mezbon — hafta dayjesti | Vaqt.uz