
440 mingga yaqin o‘zbekistonlik o‘ziga kredit olishni taqiqlab qo‘ydi
Bu xizmat aholiga firibgarlikning oldini olishga yordam beradi. U qanday ishlaydi, kimlar foydalanyapti va qanday ulash mumkin — batafsil.

«Kredit-axborot tahliliy markazi» kredit byurosi «kreditga taqiq» xizmatiga ulangan jismoniy shaxslar haqida ma’lumot berdi.
1-yanvar holatiga ko‘ra, jami 438 322 ming nafar o‘zbekistonlik bu xizmatdan foydalangan. Ularning 68 foizi erkaklar bo‘lsa, 32 foizi ayollar hisoblanadi.

Yosh toifasi kesimida eng ko‘p 26-35 yosh orasidagi aholi «kreditga taqiq» xizmatiga ulangan — 33 foiz. Bu borada 56 yoshdan oshiq aholi 9 foiz bilan eng past ko‘rsatkichni qayd etdi.
«Kreditga taqiq» xizmati 1-iyuldan boshlab ishga tushirilgan edi. Dastlabki ikki oyda bu xizmatdan foydalanganlar soni 100 mingdan oshgan bo‘lsa, so‘nggi paytlar xizmatning ommabopligi ancha oshdi.
Dekabr oyining o‘zida 150 mingdan oshiq o‘zbekistonlik bu xizmatni ishga tushirdi.
Foydalanuvchilar «kreditga taqiq» xizmatidan onlayn va oflayn shaklda mustaqil ravishda foydalanib, uni yoqish yoki o‘chirish imkoniyatiga ega:
1) «KATM mobil ilovasi orqali - «Ommabop xizmatlar» bo‘limidan «Kreditga taqiq» xizmati. Android | https://apps.apple.com/uz/app/katm/id6738377019
2) Kredit byurosining veb-saytida shaxsiy kabinet bo‘limidan.
Call-markaz: (+998) 712034747, Telegram: @katm_uz
3) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) va uning mobil ilovasi orqali «Kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yish yoki taqiqni olib tashlash» sahifasidan foydalanish mumkin.
4) Yurtimiz hududida joylashgan barcha Davlat xizmatlari markazlari orqali ham faollashtirish yoki o‘chirish imkoniyati mavjud
«Kreditga taqiq» — jismoniy shaxslarga o‘zlarining ishtirokisiz yoki xabarisiz kredit bitimi rasmiylashtirilishining oldini olish uchun o‘zi bilan kredit bitimini tuzishni taqiqlash imkonini beradi.
Xizmatdan foydalanish bepul taqdim qilinadi.





