add

«600 dollarlik xizmatga 13 ming dollar»: Farhod «avtozapchast» bozorida shantaj markazi fosh etildi

09.07.2025 | 20:208803

Toshkentda 12 nafardan iborat jinoiy guruh avtozapchastlar bozorida tovlamachilik bilan shug‘ullangani aniqlandi. Ularga nisbatan jinoyat ishi ochildi.

«600 dollarlik xizmatga 13 ming dollar»: Farhod «avtozapchast» bozorida shantaj markazi fosh etildi
Toshkent shahri Uchtepa tumanida joylashgan Farhod avtozapchastlar bozorida faoliyat yuritgan 12 nafarlik jinoiy guruh fosh etildi. Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida guruh a’zolari tovlamachilik va firibgarlikda ayblanib, hibsga olindi. Bu haqda DXX xabar berdi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy guruh a’zolari fuqarolarning roziligisiz ularning avtomobillariga turli uskunalarni o‘rnatib, xizmat uchun asossiz ravishda katta mablag‘ talab qilgan. Masalan, aniq holatlardan birida 600 dollarlik xizmat uchun mijozdan tahdid orqali 13 300 dollar undirilgan. Boshqa bir holatda esa, ular avtoqismlarni mijoz roziligisiz o‘rnatgan va narxni bozor qiymatidan uch barobar ko‘proq deb baholagan. Jabrlanuvchidagi kalitni olib qo‘ygan holda, 15 million so‘m to‘lashga majburlashgan. Jinoyatchilar yana ikki fuqaroni aldab, avtozapchastlar o‘rnatish bahonasida jami 70 million so‘mni o‘zlashtirgan, ammo va’da qilingan ishni amalga oshirmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, guruh a’zolarining aksar qismi 1988–2002 yillarda Toshkent shahri hamda Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tug‘ilgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi avval jinoiy javobgarlikka tortilgan. Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) va 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, ular ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Tergov doirasida ularning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi ham o‘rganilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid