add

68 foiz o‘zbekistonlik orzusi amalga oshadimi? Islomiy bank faoliyati uchun qonun loyihasi tayyorlandi

15.09.2025 | 21:4043406

Loyihaga ko‘ra, mamlakatda islomiy banklar va islomiy «darcha»lar faoliyatiga yo‘l ochiladi. Mas’ullar ta’kidlashicha, bugungi cheklovlar sabab banklar to‘g‘ridan to‘g‘ri islomiy moliya xizmatlarini taklif eta olmayapti.

68 foiz o‘zbekistonlik orzusi amalga oshadimi? Islomiy bank faoliyati uchun qonun loyihasi tayyorlandi
Islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida bir qator qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin. Bu haqda bir qator partiyalar fraksiyalari yig‘ilishida so‘z bordi. O‘zLiDeP fraksiya yig‘ilishida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham muhokama qilingan. Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, islomiy moliyada savdo va sherikchilik orqali moliyalashtirish keng qo‘llaniladigan moliyalashtirish shakllari hisoblanib, qonunchilikda tijorat banklari tomonidan bunday shakllardan foydalanilishiga bir qator to‘siqlar mavjud. Xususan, islomiy moliyalashtirishda banklar savdo bilan shug‘ullanish orqali mijozni moliyaviy qo‘llab-quvvatlasa, O‘zbekistonda tijorat banklari savdo bilan bevosita shug‘ullanishlari mumkin emas. Islomiy moliyada moliyalashtirishni sheriklik asosida amalga oshirishga ruxsat etilgan bo‘lib, mamlakatda tijorat banklariga yuridik shaxslarni tashkil etish yoki ularning ustav kapitallarida qatnashishga doir cheklovlar o‘rnatilgan. Partiyaga ko‘ra, mazkur qonunning qabul qilinishi natijasida O‘zbekistonda Islomiy moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (AAOIFI) hamda Islom moliyasi xizmatlari kengashi (IFSB) standartlariga mos keluvchi islomiy bank faoliyati uchun zarur huquqiy asos yaratiladi. «Ushbu qonun O‘zbekistonda islomiy banklar va islomiy «darcha»lar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, «yashirin» iqtisodiyot ulushini kamaytirish, qolaversa mamlakatimizga islomiy bank faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qiladi», - deya ta’kidlangan O‘zLiDeP yig‘ilishida. «Milliy tiklanish» partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ham ushbu qonun loyihasi muhokama qilingan. Qonun loyihasida ushbu sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish nazarda tutilmoqda. «UNDP so‘rovnomasiga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining 68 foizi, biznes vakillarining esa 60 foizi diniy e’tiqodi sabab an’anaviy bank xizmatidan foydalanishni xohlamaydi», - deya ta’kidlangan fraksiya yig‘ilishida. O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiya yig‘ilishida ham yuqorida ta’kidlangan — «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» qonun loyihasi ko‘rib chiqilgan. «Islomiy moliyada moliyalashtirishni sheriklik asosida amalga oshirishga ruxsat etilgan bo‘lib, mamlakatimizda tijorat banklariga yuridik shaxslarni tashkil etish yoki ularning ustav kapitallarida qatnashishga doir cheklovlar o‘rnatilgan. Shu va boshqa cheklovlar sababli, hozirda tijorat banklari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati mavjud emas. Shu munosabat bilan, yuqoridagi qayd etilgan holatlarni bartaraf etish va O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida bir qator qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish talab etilishi mas’ullar tomonidan tushuntirildi», - deyiladi partiya xabarida.

Teglar

Mavzuga oid