
8 ta hududda 1 200 dan ortiq fuqaroga soxta haydovchilik guvohnomasi berilgani aniqlandi
Ma’lumotlarga ko‘ra, soxta guvohnomalarni olgan fuqarolarning 455 nafari 1 305-marta yo‘l harakati qoidalarini buzgan, 9 nafari yo‘l transport hodisasi sodir etgani oqibatda, 6 nafar fuqaro tan jarohati olgan va 3 nafari vafot etgan.

1200 dan ortiq fuqarolarga soxta haydovchilik guvohnomalari berilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, haydovchilik guvohnomalarini soxtalashtirish holatlari yuzasidan Davlat xizmatlari markazi xodimlari va boshqa shaxslarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
8 ta hududda aniqlangan qonunbuzarliklar
Tergov jarayonida Toshkent shahri, Surxondaryo, Samarqand, Sirdaryo, Namangan, Navoiy, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida 1 200 nafardan ortiq fuqaroga soxta haydovchilik guvohnomalari rasmiylashtirib berilgani ma’lum bo‘lgan.
Yo‘l harakati xavfsizligiga jiddiy tahdid
Olib borilgan tahlillar natijasida soxta guvohnoma olgan 455 nafar fuqaro tomonidan jami 1 305-marta yo‘l harakati qoidalari buzilgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, 9 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan bo‘lib, ular oqibatida 6 nafar fuqaro tan jarohati olgan, 3 nafar fuqaro esa halok bo‘lgan.
Maxsus tergov guruhi tuzildi
Jinoyat ishining katta hajmda ekani va murakkabligini inobatga olgan holda, Bosh prokuraturada maxsus tergov-tezkor guruhi tuzilgan. Hozirda soxta guvohnomalar, ularni rasmiylashtirishga asos bo‘lgan barcha hujjatlar to‘liq tekshirilmoqda hamda tergov harakatlari rejaga muvofiq davom etmoqda.
Shuningdek, Bosh prokuratura fuqarolarga haydovchilik guvohnomasini faqat qonunchilikda belgilangan tartibda olish lozimligini eslatadi. Soxta hujjatlardan foydalanish qonun bilan taqiqlangan bo‘lib, bunday holatlar belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avval ham Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilgan tergov harakatlari davomida haydovchilik guvohnomalarini soxtalashtirish bilan bog‘liq yirik jinoiy sxema fosh etilganligi haqida xabar bergan edik. Tergov natijalariga ko‘ra, hududiy Davlat xizmatlari markazining bosh mutaxassisi jinoiy sheriklari bilan birgalikda 2025 yil davomida 72 nafar fuqaroga noqonuniy ravishda haydovchilik guvohnomalarini rasmiylashtirib bergan.





