
9 mln dollarni talon-toroj qilgan shaxs Moskvada qo‘lga olindi
16.05.2025 | 10:2537492
Moskva va Toshkent Interpoli o‘rtasidagi hamkorlik natijasida yirik miqdorda firibgarlikda ayblanayotgan o‘zbekistonlik fuqaro Vnukovo aeroportida ushlandi va O‘zbekistonga qaytarildi.

Rossiya IIV rasmiy vakili Irina Volk ma’lum qilishicha, Moskvada xalqaro qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik fuqaro Interpolning qo‘shma operatsiyasi doirasida qo‘lga olindi. U O‘zbekistonda 9 mln dollar miqdorida bank kreditini talon-toroj qilganlikda ayblanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayblanuvchi mamlakatdagi tijorat korxonasi rahbari bo‘lgan. U paxta yetishtirish uchun bankdan yirik miqdorda kredit olgan, mahsulotni sotish orqali taxminan 20 mln dollar daromad qilgan, ammo qarzni qaytarmasdan chet elga qochgan.
O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari uning Rossiyaga kelishini ma’lum qilib, Interpol orqali xabar bergan. Natijada fuqaro Vnukovo aeroportida, samolyotdan tushishi bilan ushlangan.
O‘sha kuning o‘zida u O‘zbekistonga yuborilgan va aeroportda mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qayta qo‘lga olingan.
Mazkur operatsiya Rossiya va O‘zbekistonning Interpol bo‘limlari o‘rtasidagi samarali va tezkor hamkorlik tufayli amalga oshirilgani qayd etildi.
 
 
 





