
Abbosbek Fayzullayev: «Maqsadim — Yevropaning kuchli ligalarida o‘ynash»
13.06.2025 | 20:0027407
Rossiyalik sport jurnalisti Nobel Arustamyan JCH-2026 yo‘llanmasini hal qilgan o‘zbekistonlik futbolchilar, murabbiylar va mutasaddilar bilan katta intervyu uyushtiribdi. Intervyuda Abbos Fayzullayevning berilgan javoblarini keltiramiz.

— Sen uchun shu paytgacha hayotingdagi eng asosiy turnir qaysi bo‘lgan?
— Hissiyotlar nuqtayi nazaridan olganda, menimcha, bu U20 turniri. Biz Osiyo chempioni bo‘ldik. Argentinada jahon chempiontida qatnashdik. Lekin daraja jihatidan albatta Olimpiada. Biz ispanlar bilan o‘ynagan paytda butun stadion O‘zbekiston uchun muxlislik qilishdi, to‘g‘rimi?
— Olimpiada haqida gapir-chi. Sen o‘sha jamoada eding. Sen uchun o‘z jamoang bilan raqiblar o‘rtasidagi daraja farqi qanchalik shokli bo‘lgan?
— Men unchalik katta farqni his qilmaganman, lekin har holda ularda ko‘proq tajriba bor edi? Ularda intensivlik yuqori, chunki ular yaxshi chempionatlarda o‘ynashadi. Bu, albatta, o‘yinga ta’sir qildi. Masalan, Ispaniya bilan o‘ynaganimizda, har holda ularda o‘zlariga xos klass bor edi. Lekin men o‘ylaymanki, biz yomon o‘ynaganimiz yo‘q. Chunki o‘yin boshida butun muxlislar «Ispaniya, Ispaniya» deb baqirayotgandi, lekin 20-daqiqadan keyin hammasi «O‘zbekiston» deb baqirib, muxlislik qila boshlashdi. Men mana shu lahzalarda zavqni his qildim.
— Abbos, Osiyo futboli geografiyasi juda katta — u yerda turli mamlakatlar bor. Sen Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi bo‘lding. Bu senga qanchalik bosim o‘tkazadi?
— Men g‘alaba qozonganimda bunchalik kuchli emotsiyalar bo‘lmagan. Chunki bu narsa ota-onam uchun juda muhim edi va bu ular uchun faxr tuyg‘usi ham, ular buni his qiladi. Lekin men o‘zim bu tuyg‘uni u qadar his qilmaganman, chunki men hali yanada ko‘proq narsaga, bundan ham ortiqrog‘iga erishmoqchiman.
— Sen 75 million dollar turishing mumkinligini aytganding. Endi nimani xohlaysan? «Real» Madridda o‘ynashni xohlaysanmi?
— Ehtimol, «Real» Madridda, ehtimol «Barselona»da. Bu mening oliy maqsadim va men shu maqsad sari bormoqdaman. Namuna sifatida, masalan, Xvicha Kvaratsxeliyani ko‘rsatishim mumkin. U ham «Rubin»dan chiqib, hozir PSJda o‘ynayapti.
— Sen O‘zbekistonda o‘ynab yurgan paytingda, juda yosh bo‘lsa-da, Yevropa jamoalari, jumladan «Bavariya» skautlari ham senga qiziqish bildirgani aytilgandi...
— Ehtimol, shunday bo‘lgandir. Biz U-20da o‘ynagan paytimizda, ular kuzatishgan bo‘lishi mumkin.
— Sen SSKA futbolchisisan. Men bejiz «Bavariya»ni tilga olmadim, chunki ma’lumotlarimga ko‘ra, sen O‘zbekistonda o‘ynagan paytingda «Bavariya» skautlari seni kuzatishgan. Karyerangni qanday tasavvur qilasan?
— Hozir men SSKAdaman va menda shartnoma bor. Lekin mening doimiy maqsadim — Yevropada o‘ynash. Xudo xohlasa, vaqti kelganda, men Yevropadagi taniqli jamoalarda o‘ynashni xohlayman.
Shuningdek, intervyu davomida Abbos Fayzullayev JCH-2026 saralash bosqichlari doirasida o‘tgan o‘yinlar haqida ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi:
«Biz ko‘plab o‘yinlarda kambek qilishni boshladik. Bizga «Kambekston» deb laqab qo‘yishdi. Chunki oxirgi paytlarda juda ko‘p marta kambek qildik. Shunga qarab aytsam, menimcha bizda bu masalada muammo yo‘q.
Bu juda katta qadam. Bu tarixga kirgan holat. Shu voqeadan keyin, menimcha, o‘zbek futbolchilariga yanada ko‘proq e’tibor qaratiladi. Bu yosh futbolchilar uchun eng kuchli jamoalarga o‘tishda yo‘l ochib beradi. Bu butun millatning orzusi edi. Menimcha, bu yoshlarimizga aqlbovar qilmas darajada katta yo‘l ochadi».





