
Abdulaziz Komilov: «An’analarimizga to‘g‘ri kelmagan nasihatni qabul qilmaymiz»
09.10.2025 | 19:206483
O‘zbekiston Yevropa inson huquqlari tashkilotlariga doim ochiq, ammo ularning maslahatlari milliy qadriyat va an’analarga to‘g‘ri kelmasa, qabul qilinmaydi, deydi Prezident maslahatchisi Abdulaziz Komilov.

O‘zbekiston Yevropa inson huquqlari tashkilotlariga doim ochiq. Bu haqda prezidentning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Abdulaziz Komilov«O‘zbekiston 24» telekanalining Davra podkastida ma’lum qildi.
Kamilovning ta’kidlashicha, G‘arb davlatlari bilan muloqotlarda inson huquqlari va demokratiya masalalari har doim kun tartibida bo‘lib kelgan va bu yo‘nalishda to‘xtash mumkin emas. U AQSH hozir bu mavzularni kamroq ko‘tarayotganini qayd etdi.
«Demokratik jarayonlar davom etaveradi, chunki rivojlanish bilan birga yangi muammolar ham yuzaga chiqadi. Shuning uchun bu masalalarni muhokama qilish to‘xtamaydi», — dedi Komilov.
Prezident maslahatchisi Yevropa inson huquqlari tashkilotlariga mamlakat eshiklari ochiqligini ta’kidladi. «Marhamat, kelsin, ko‘rsin, bizga maslahat bersin. Agar bu bizga ma’qul bo‘lsa, birga ishlaymiz. Lekin mentalitetimizga yoki an’analarimizga to‘g‘ri kelmasa, buni qabul qilmaymiz», — dedi u.
Shuningdek, Komilov Toshkent va Vashingtonning ko‘plab mintaqaviy va global masalalar bo‘yicha qarashlari yaqinlashib borayotganini bildirib, AQSH prezidenti Donald Tramp bilan O‘zbekiston rahbariyatining dunyoqarashi o‘zaro uyg‘unlashayotganini qayd etdi.





