Abonent roziligisiz dastlab bepul bo‘lgan xizmatlarni pulli qilishga yo‘l qo‘yilmaydi
Mobil aloqa xizmati qoidalari o‘zgartirildi: raqamni saqlab qolgan holda boshqa kompaniyaga o‘tish 20 daqiqa ichida amalga oshiriladi.

Endi aloqa operatorlarining abonent roziligisiz dastlab bepul bo‘lgan xizmatlarni pullik qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu haqda Adliya vazirligi davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan Raqamli texnologiyalar vazirligining Telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarini yangi tahririda keltirilgan.
Qoidalarga ko‘ra, abonent – jismoniy shaxsdan tarif rejasi bo‘yicha abonent to‘lovi va xizmat uchun mablag‘ yechishda hisobni salbiy holatga (qarzdorlik holatiga) keltirish taqiqlanadi.
Abonentlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasining ishonch telefonlariga kecha-kunduz bepul qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.
Mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamlarini ko‘chirish endi xizmat ko‘rsatish punktlarida 8 ish soatida emas, balki 20 daqiqa ichida amalga oshiriladi.
Yangi tartib
Mobil aloqa abonentlariga pullik qo‘shimcha xizmatlarga obuna bo‘lish bo‘yicha kontent xizmatlari ko‘rsatishning quyidagi yangi tartibi belgilandi:
• xizmatlarni aktivatsiya qilish operatorlarning mobil ilovalari yoki USSD kodlar orqali amalga oshiriladi;
• abonentlarning rozilik tasdig‘ini olmasdan xizmatlarni avtomatik ulashga yoki dastlab bepul bo‘lgan xizmatlarni pullik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi;
• kontent provayderlari tomonidan abonentlarga taqdim etiladigan barcha pullik xizmatlar dastlab nofaol holatda bo‘lishi kerak.
Mazkur hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oydan keyin kuchga kiradi.





