
Adliya vaziriga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Prezident qaroriga ko‘ra, tajribali huquqshunos Mahmud Istamov adliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Prezidentning tegishli qarori bilan Mahmud Shuxratovich Istamov O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi, deb xabar бермоқда Adliya vazirligi.
Yangi rahbar 1979 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan bo‘lib, oliy ma’lumotli huquqshunos, 1-darajali adliya maslahatchisi hisoblanadi. U 2000 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.
Ish faoliyatini shu yili Adliya vazirligi Idoralararo me’yoriy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi katta maslahatchisi sifatida boshlagan. Keyinchalik mazkur boshqarmada bosh maslahatchi, bo‘lim boshlig‘i va boshqarma rahbari o‘rinbosari vazifalarini bajargan. 2004–2006 yillarda vazirlik tuzilmasidagi bir qator markazlarda rahbarlik lavozimlarida ishlagan.
2006–2011 yillarda Prezident devonining huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish xizmatida adliya va sud idoralari masalalari bo‘yicha inspektor sifatida faoliyat yuritgan. 2011–2014 yillarda shu xizmatda yetakchi inspektor bo‘lib ishlagan. 2014–2017 yillarda esa Prezident devonining siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha bo‘limiga rahbarlik qilgan.
2017 yilda Prezident devonining siyosiy-huquqiy masalalar xizmatida sud-huquq sohasidagi qonunchilik bo‘yicha shu’ba mudiri lavozimini egallagan. Shundan keyin 2017–2019 yillarda adliya vazirining o‘rinbosari va birinchi o‘rinbosari sifatida ish yuritgan.
2019–2021 yillarda Mahmud Istamov Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari, 2021–2024 yillarda Buxoro viloyati prokurori lavozimlarida faoliyat olib borgan. Keyinchalik, 2024–2025 yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi devoniga rahbarlik qilgan.
Tayinlovga qadar esa, 2025 yildan boshlab adliya vazirining o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan. Yangi lavozim unga sohadagi ko‘p yillik tajribasiga asosan topshirilgani qayd etilmoqda.





