add

Afg‘oniston va Pokiston chegarasidagi qurolli to‘qnashuvda harbiylar halok bo‘ldi

12.10.2025 | 11:2719404

Afg‘oniston va Pokiston chegarasida kechasi sodir bo‘lgan qurolli to‘qnashuv ikki davlat o‘rtasidagi mavjud keskinlikni yanada kuchaytirdi. Har ikki tomon bir-birini hujum va provokatsiyalarda ayblamoqda.

Afg‘oniston va Pokiston chegarasidagi qurolli to‘qnashuvda harbiylar halok bo‘ldi

12 oktyabr kuni kechasi Afg‘oniston va Pokiston chegarasida otishmalar boshlandi. Bu voqea «Tolibon» 10 oktyabrdagi portlashlar uchun Pokistonni ayblab, «oqibatlar» haqida ogohlantirganidan keyin yuz berdi. Pokiston esa o‘z hududidan Afg‘onistonga berilgan aviahujumlarni «terrorchilarga qarshi chora» deb izohladi.

Afg‘oniston Mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, mamlakat milliy armiyasi chegara ortida joylashgan harbiy ob’ektlarga zarba bergan. Ular orqali tinch aholiga hujum qilish va Afg‘onistonning hududiy yaxlitligini buzish harakatlari amalga oshirilgani ta’kidlandi.

Pokiston ichki ishlar vaziri Muxsin Naqviy bu hujumlarni «asossiz» deb atadi va afg‘on kuchlarini tinch aholiga o‘q uzishda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pokiston armiyasi bunday harakatlarga tez va qat’iy javob qaytargan.

Pokiston radiosi ma’lumotlariga ko‘ra, afg‘on hujumlari chegara bo‘ylab olti nuqtada sodir bo‘lgan. Pokiston artilleriyasi ham «Tolibon»ning Dyuran Mela va Turkmanzay lagerlariga zarba bergan.

«Tolibon» o‘z navbatida «Pokistonga qarshi javob operatsiyasi muvaffaqiyatli yakunlanganini» bildirdi. Afg‘oniston Mudofaa vazirligi bayonotida «har qanday yangi havo hujumi mamlakat chegaralarini himoya qilish uchun qat’iy choralar bilan javoblanishi» ta’kidlandi.

Janglar natijasida 12 nafar pokistonlik harbiy halok bo‘ldi, kamida ikki kishi yaralandi. Shuningdek, Kandahor viloyatida besh nafar pokistonlik harbiy «Tolibon»ga taslim bo‘lgani haqida ma’lum qilindi.

Keskinlik «Tolibon» hukumati Pokistonni o‘z hududiga havo hujumlari uyushtirishda ayblab, «oqibatlar»dan ogohlantirganidan so‘ng boshlangan. Pokiston esa hujumlarda «Tehrik-ye-Tolibon Pokiston» guruhi a’zolari ishtirok etganini bildirgan, ammo afg‘on tomoni bu ayblovlarni rad etgan.

Teglar

Mavzuga oid