
Afg‘onistonda ikki kunlik internet o‘chishi ortdan aloqa qayta tiklandi
02.10.2025 | 09:5732433
48 soatlik umummilliy internet uzilishi ortidan Afg‘onistonda aloqa qisman tiklandi. «Tolibon» sababini kabellar eskirgani bilan izohladi.

29 sentyabrdan beri Afg‘onistonda internet va telefon aloqasi to‘liq ishlamay qolgan edi. NetBlocks ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 43 mln aholi ikki kun mobaynida onlayn xizmatlardan mahrum bo‘ldi.
«Tolibon» rasmiylari blekautni texnik nosozliklar bilan izohlab, «optik tolali kabellar almashtirilgani uchun» deb bildirdi. Al Jazeera nashrining yozishicha, ular tarqalgan mish-mishlarni rad etgan: «Internetni qasddan taqiqlamadik», — deyilgan bayonotda. BBC esa manbasiga tayanib, aloqaning qayta tiklanishi toliblar hukumati bosh vazirining shaxsiy ko‘rsatmasi orqali amalga oshganini yozdi.
48 soatlik uzilish mamlakat iqtisodiga jiddiy zarba berdi. Kobul aeroporti reyslarni bekor qildi, Dubayda yuzlab yo‘lovchilar samolyot kutib qoldi. Bank tizimi va savdo ham katta qiyinchilikka duch keldi.
BMT Afg‘onistondagi missiyasi toliblarni internetni to‘liq tiklashga chaqirib, cheklovlar humanitar inqirozni yanada kuchaytishi mumkinligini ogohlantirdi.
Avvalroq «Tolibon» ayrim viloyatlarda axloqiy sabablar bilan internetni o‘chirgandi. Hokimiyatni 2021 yilda egallagandan buyon ular ayollar huquqlarini cheklab, qizlarning ta’limiga to‘siq qo‘yib, jamoatchilikda jazo va qatllarni yo‘lga qo‘ygan. Joriy yil iyulida Xalqaro jinoyat sudi harakat rahbarlari Oxunzoda va Haqqoniyga insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblab hibs orderi chiqargan edi.





