
Afg‘onistonda «Made in Uzbekistan» milliy stendi namoyish etildi
19.06.2025 | 13:2013633
18–20 iyun kunlari Afg‘onistonning Mazori-Sharif shahrida bo‘lib o‘tayotgan ikkinchi milliy va xalqaro ko‘rgazma doirasida o‘zbekistonlik tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini taqdim etmoqda. Ko‘rgazma Mavlono Jaloliddin Muhammad Balxiy nomidagi maydonda tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi rahbarligidagi yirik delegatsiya ishtirok etmoqda. Unga to‘qimachilik, yengil sanoat, qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari, elektrotexnika, agrosanoat va farmatsevtika sohalarida faoliyat yurituvchi 120 dan ortiq tadbirkor kirgan.
Ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan «Made in Uzbekistan» milliy stendi o‘zbek kompaniyalarining zamonaviy ishlanmalari, texnologik yechimlari va mahsulotlarini namoyish qilish uchun platforma vazifasini o‘tamoqda. Ekspozitsiya mahalliy ishbilarmon doiralar va rasmiylar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi.
Tantanali ochilish marosimida afg‘on rasmiylari O‘zbekiston bilan iqtisodiy hamkorlikning ahamiyatini ta’kidladi. Balx viloyati Savdo va investitsiyalar palatasi rahbari Asadullo Asadiy so‘nggi yarim yilda amalga oshirilgan qator qo‘shma loyihalarni alohida qayd etib, O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik izhor etdi.
Ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan B2B uchrashuvlar maydonchasida ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazilmoqda, hamkorlikni chuqurlashtirish, o‘zaro manfaatli shartnomalar va kelishuvlar imzolanmoqda.





