
Afg‘onistonda o‘zbek tiliga cheklov yo‘q: Rasmiy Toshkent xavotirlarga chek qo‘ydi
Afg‘onistonda o‘zbek tilidan foydalanishga taqiq qo‘yilgani haqidagi ma’lumotlar O‘zbekiston TIV tomonidan o‘rganildi.

O‘zbek tilining xalqaro maydondagi nufuzi, undan keng va samarali foydalanish hamda ona tilimizni jahon hamjamiyatida munosib targ‘ib etish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir va doimiy e’tibor markazimizda bo‘lib kelmoqda.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek tilining Afg‘onistonda qo‘llanilishiga cheklovlar joriy etilayotgani aytilgan xabarlar tarqalgandi. Mazkur ma’lumotlar o‘zbek jamoatchiligida tabiiy ravishda muayyan xavotir uyg‘otgandi. Holat yuzasidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi rasmiy izoh berdi.
Qayd etilishicha, mazkur masalaga aniqlik kiritish maqsadida vazirlikning mas’ul vakillari tezkor ravishda Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi bilan vaziyatga oydinlik kiritgan.
«Afg‘onistonlik rasmiylar ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, mamlakat hududida o‘zbek tilining ishlatilishiga nisbatan hech qanday cheklov yo‘qligini qat’iy ta’kidlab, Afg‘oniston hukumati va xalqi birodar o‘zbek xalqi hamda tiliga chuqur hurmat bilan munosabatda ekanini alohida qayd etdi», - deya yozdi TIV rasmiysi Ahror Burhonov.
Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili ma’lum qilishicha, hozirgi vaqtda mamlakat bo‘ylab oliy ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari peshtoqlaridagi yozuvlarni yagona standart asosida tartibga solish ishlari olib borilmoqda. Mazkur amaliyotga ko‘ra, ta’lim muassasalari peshtoqlaridagi yozuvlar butun mamlakat bo‘ylab uch tilda — pushtu, dariy va ingliz tillarida aks ettiriladi.
Shu bilan birga, mamlakatning shimoliy hududlari, jumladan Samangan universiteti uchun istisno tariqasida yozuvlar pushtu, dariy va o‘zbek tillarida berilishi belgilangan.
Qo‘shimcha qilinishicha, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlarning yorqin ifodasi sifatida Afg‘oniston hukumati tomonidan tarixda ilk bor Jouzjon davlat universitetida joriy yildan boshlab magistratura bosqichida “O‘zbek tili va adabiyoti” fakultetini tashkil etish rejalashtirilmoqda.





