add

Afrikada yangi tartib: Nigeriya va Janubiy Afrika yetakchi bo‘lishi mumkin — Foreign Affairs

Bugun 22:002862

Dunyodagi liberal tartib zaiflashgan bir paytda Afrika davlatlari o‘z kuchini birlashtirsa, investitsiyalar va savdo imkoniyatlarini kengaytirib, global miqyosda nufuzli o‘yinchiga aylanishi mumkinligi aytilmoqda.

Afrikada yangi tartib: Nigeriya va Janubiy Afrika yetakchi bo‘lishi mumkin — Foreign Affairs

Foreign Affairs jurnalining yozishicha, ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan an’anaviy liberal tartib so‘nib borar ekan, Afrika mamlakatlari uchun global iqtisodiy tizimda o‘z o‘rnini mustahkamlash imkoni yaratilayapti. Qit’a jahon aholisining 20 foizini tashkil etsa-da, umumiy iqtisodiy ulushi hamon 5 foiz atrofida.

Nashr maqolasiga ko‘ra, Afrikada yetakchi bo‘lishga eng tayyor mamlakatlar — Nigeriya va Janubiy Afrika. Nigeriya 230 million aholisi bilan nafaqat iqtisodiy, balki madaniy ta’siri katta davlat: uning musiqasi, kinosi va moda sohasi butun qit’ada mashhur. Janubiy Afrika esa Afrikadagi eng sanoatlashgan va moliyaviy tizimi rivojlangan mamlakat bo‘lib, global siyosiy vazni tufayli xorijiy sarmoyani faol jalb qila oladi.

Bu ikki davlat ilgari ham hamkorlik qilgan. XXI asr boshlarida prezidentlar Olusegun Obasanjo va Tabo Mbeki panafrikanchilik g‘oyasini ilgari surib, Afrika Ittifoqi va Afrika taraqqiyoti uchun yangi sheriklik dasturini yo‘lga qo‘ygan edilar. Biroq ichki iqtisodiy va siyosiy muammolar bu jarayonlarni sekinlashtirdi: Janubiy Afrika past iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy tengsizlikdan, Nigeriya esa etnik va diniy nizolardan aziyat chekmoqda.

Bugun esa Nigeriya va Janubiy Afrika qit’adagi integratsiya jarayonlarini jadallashtirish orqali Afrikani yangi darajaga olib chiqishi mumkin. Afrika kontinental erkin savdo hududi doirasidagi ichki sanoat va savdoni rivojlantirish 1,4 mlrd aholisi bo‘lgan 3,4 trlnlik bozor yaratishi mumkin. Bu kompaniyalarga ishlab chiqarishni kengaytirish, xarajatlarni qisqartirish va yangi sarmoyalarni jalb qilish imkonini beradi.

Mutaxassislarning fikricha, buning uchun mamlakatlar avvalo ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashi, bir-birining diplomatik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashi va keyinchalik Misr, Marokash hamda Jazoir kabi boshqa kalit davlatlarni ham jalb etishi lozim. Nigeriya va Janubiy Afrika o‘zining o‘zaro to‘ldiruvchi kuchli jihatlaridan foydalanib, qit’ani iqtisodiy o‘sish va mintaqaviy nufuzning yangi bosqichiga yetaklashi mumkin.

Agar rahbarlar bu imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanishsa, Afrika ilk bor jahon sahnasida bir chetdagi emas, balki ta’sirli va teng huquqli ishtirokchi sifatida namoyon bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid