«Agrobank» 100 mlrd so‘mlik venchur kompaniya ochdi

25.02.2026 | 17:001 daqiqa

Yangi tuzilma qishloq xo‘jaligidagi innovatsion startaplarni moliyalashtirishga qaratilgan.

«Agrobank» 100 mlrd so‘mlik venchur kompaniya ochdi © Foto: artlebedev.com

«Agrobank» ustav kapitali 100 milliard so‘m bo‘lgan yangi venchur kompaniyani tashkil etdi va dastlabki bosqichda ushbu miqdorda mablag‘ ajratdi. Bu haqda Prezident 24-fevral kuni yoshlar bilan muloqot chog‘ida ma’lum qildi.

Mazkur tashabbus qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va sohada innovatsiyalarni joriy etishni jadallashtirishga qaratilgan. Venchur kompaniya orqali ilg‘or texnologiyalarga asoslangan startaplar moliyalashtiriladi.

Ma’lum qilinishicha, ajratiladigan mablag‘lar aqlli issiqxona va aqlli fermer xo‘jaliklari, kasalliklarni erta aniqlash tizimlari, shuningdek innovatsion texnika va uskunalar ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlardagi loyihalarga yo‘naltiriladi.

«Agrobank» mamlakatdagi to‘qqizta davlat bankidan biri hisoblanadi va so‘nggi yillarda investitsiyaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlashda faol ishtirok etib kelmoqda.

Bank, shuningdek, 2025 yil boshida yettita davlat banki tomonidan tashkil etilgan ustav kapitali 525 mlrd so‘m bo‘lgan «United Ventures» fondi ta’sischilaridan biri sanaladi.

«United Ventures» fondi tarkibiga «O‘zmilliybank», «Xalq banki», «Asakabank», «MKBANK», «Turonbank» va «Biznesni rivojlantirish banki» ham kiradi. Ushbu banklar fondga 14,28 foizdan egalik qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Mirziyoyev shu muloqotda yoshlar tadbirkorligi uchun qo‘shimcha 200 mln dollar ajratilishini e’lon qilgan edi. Prezidentga ko‘ra, bu mablag‘lar «Aloqabank» va «O‘zmilliybank»ka beriladi va bank rahbarlari mablag‘larning to‘g‘ri tasarruf etilishiga mas’ul bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid