add

Aholining ichimlik suvi bilan ta’minlash qamrovi 85 foizga yetkaziladi

05.01.2026 | 13:152 daqiqa

2030 yilga qadar mamlakatda doimiy ichimlik suvi xizmatlaridan foydalanuvchi aholi ulushini bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilmoqda.

Aholining ichimlik suvi bilan ta’minlash qamrovi 85 foizga yetkaziladi

O‘zbekistonda aholining ichimlik suvi xizmatlaridan doimiy foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan qismi 2030 yilga borib 85 foizga yetkaziladi. Bu maqsad «O‘zbekiston–2030» strategiyasining jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan takomillashtirilgan loyihasida belgilangan.

Hujjatga ko‘ra, ichimlik suvi bilan qamrov:

2026 yilda 82 foiz;

2027 yilda 83 foiz;

2028 yilda 84 foiz;

2029 yilda esa 84 foiz darajada ta’minlanadi. 2030 yilda esa ushbu ko‘rsatkichni 85 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bu aholining suv ta’minoti barqarorligini oshirishga qaratilgan uzoq muddatli islohotlarning asosiy indikatorlaridan biri hisoblanadi.

Strategiya doirasida Tuyamo‘yin suv ombori hajmini qo‘shimcha 1 milliard kub metrga kengaytirish rejalashtirilgan. Bu orqali 1,2 million gektar maydonda suv ta’minotini yaxshilash va ichimlik suvi zaxirasini yaratish nazarda tutilmoqda.

Suv resurslaridan oqilona foydalanish ham asosiy yo‘nalish sifatida belgilangan. 2030 yilga qadar suv ishlatish samaradorligini 25 foizga oshirish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini suv tejovchi texnologiyalar bilan 100 foiz qamrab olish maqsad qilingan. Tomchilatib sug‘orish texnologiyalari qo‘shimcha 500 ming gektarga joriy etiladi.

Shu bilan birga, suv tejovchi uskunalar ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarning yillik ishlab chiqarish quvvati 300 ming gektarga mo‘ljallangan holatga yetkaziladi. Barcha ichimlik suvi iste’molchilari hisoblagichlar bilan to‘liq ta’minlanadi.

Loyihaga muvofiq, yerosti suv sathi muammoli bo‘lgan maydonlar 773,4 ming gektargacha qisqartiriladi, beton qoplamali kanallar ulushi esa 13,1 ming kilometrga yetkaziladi. Suv xo‘jaligi ob’ektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish soni 2 012 tagacha ko‘paytiriladi.

Teglar

Mavzuga oid